– Aybdorlikka oid barcha shubhalar, ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan taqdirda, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak. Qonunni qo‘llash jarayonida kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi zarur. Bu normalarning Konstitutsiyaga kiritilishini muhim takliflardan deb bilaman. Bu norma bilan bog‘liq amaliyotda qanday muammolar bor edi?

Ilyos Yusupov:

– Bu hozir ham muammo bo‘lib turibdi. Sababi bu – aybsizlik prezumpsiyasi. Bu – advokatlar tomonidan ko‘p ishlatiladigan modda. Shaxsning biror bir ijtimoiy qilmish sodir etganini isbotlash uchun dalillar majmuasi bo‘lishi kerak. Birgina dalil yetishmay qolgan taqdirda ham bu gumonga aylanadi. Gumonga aylangan holat ayblanuvchining foydasiga hal etilishi kerak.

Ishtirok etgan ishlarimizning aksariyati aybsizlik prezumpsiyasiga e’tibor qaratamiz. Ayrim holatlarda biror shaxs o‘zining tanishi yoki do‘stining manfaatlari yo‘lida ayblanuvchiga qarshi ko‘rsatma berishi mumkin. O‘sha paytda boshqa dalillar yetarli bo‘lmaydi. Bunday holatda arzirli dalillar bo‘lmasa, ayblanuvchini ayblab bo‘lmaydi. Bu Jinoyat kodeksida ham belgilab qo‘yilgan.

 Ilyos Yusupov, advokat

Lekin ushbu moddani ishlatish ma’lum bir ma’noda qiyinroq. Agar bu ham konstitutsion o‘zgartirishlarga kiritiladigan bo‘lsa, bu holatga ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar ko‘proq e’tibor qaratishar edi. Dalillar yetarli bo‘lmasa, uni ayblamaslik kerak. Sababi, ma’lum bir vaqt o‘tib, yolg‘on ko‘rsatma bergan shaxs fikridan qaytib qolishi, soxtalashtirilgan ma’lumot tasdiqlanmasligi yoki ma’lumot manbasining bo‘lmay qolishi kuzatilishi mumkin.

Zafar Usmonov:

– Bu holat Jinoyat kodeksining 53-moddasida belgilab qo‘yilgan. Shubhali, aniq bo‘lmagan yoki kimningdir ko‘rsatmasi o‘z isbotini topmagan taqdirda, gumonlanuvchi foydasiga hal etilishi kerak.

Bundan tashqari, ushbu holat sud tergovida ham bo‘lishi mumkin. Bu Jinoyat kodeksining 26-moddasida belgilab qo‘yilgan. Ushbu holatda ham dalillar yetarli bo‘lmasa, ish ayblanuvchi foydasiga hal etilishi ko‘rsatib o‘tilgan.