Ukraina armiyasi olti kunlik yurish davomida Xarkiv va Donbassga tahdid solib turgan Izyum to‘sig‘ini olib tashladi va Rossiya harbiy qismlarini sharqda Oskol daryosining narigi sohiliga, shimolda esa chegara ortiga chekintirdi. «Ukraina Izyumni olishi Rossiya Donetsk oblastida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishish istiqbollariga chek qo‘ydi», deb hisoblaydi Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish instituti (ISW) mutaxassislari.

«Hozirgi qarshi hujum urushga yakun yasay olmaydi. Ertami kechmi u yakunlanadi, Rossiyada esa yangi mudofaa chizig‘ini tashkil etish, hatto kichik qarshi hujumlarga o‘tish imkoni tug‘ilishi mumkin. Urush, katta ehtimol bilan, 2023 yilga qadar cho‘ziladi. Ammo Ukraina mojaroda burilish yasadi va tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Endi Kiyev Moskvani o‘ziga qulay bo‘lgan joylarda jang qilishga majburlashi mumkin», deyiladi institut hisobotida.

Voqealar tarixi

Bahordan hozirgacha Rossiya qo‘shini ukrainlarning Donbassdagi mustahkam istehkomlarini shturm qilib keladi. Urg‘u artilleriya tizimlari sonidagi katta ustunlikka va xususiy harbiy kompaniyalarning professional harbiylarini jalb etishga qaratildi. Ammo bu taktika ham to‘xtab qoldi.

Rossiya kuchlarining so‘nggi yirik muvaffaqiyati iyun oyi oxiri - iyul oyi boshida Severodonetsk va Lisichansk bosib olinishi bo‘lgandi. Shundan buyon Rossiya Donbassda sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmadi.

Iyul oyi oxirlaridayoq Ukraina armiyasi janubda yirik yurish boshlashga tayyorlanayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Ko‘plab harbiy tahlilchilar Rossiyaning Xerson va Krivoy Rog yo‘nalishidagi guruhlari pozitsiyasi mustahkam emasligi, Dneprning o‘ng sohilidagi bu qo‘shinlarni ta’minotdan uzib qo‘yish va keyin qurshab olib, yo‘q qilish imkoniyati borligiga e’tibor qaratishdi.

Ukraina qo‘mondonligining janubiy frontdagi harakatlari bu kartinaga to‘la mos keladi. Frontga qo‘shimcha kuchlar olib kelinmoqda, ukrain harbiy bo‘linmalari hujumkor amaliyotlar seriyasini o‘tkazmoqda, Ingulets daryosining chap sohilidagi platsdarm egallangan, Amerikadan yetkazilgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari orqali Dnepr daryosi ustidan o‘tgan ko‘priklar muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda - bu yo‘llar foydalanish uchun yaroqsiz holatga keltirilgan. Rossiya qo‘shinlarining front ortidagi harbiy obektlariga doimiy zarbalar berilmoqda, avgust oyi o‘rtalarida annexia qilingan Qrimda ham kuchli portlashlar ro‘y bera boshladi.