O‘zbekiston | 15:49 / 16.09.2022
9645
3 daqiqa o‘qiladi

Unutilgan “Ma’rifat”. Boshlangan ishlar yillab chala holda yotaveradimi?

Yashnobod tumanidagi “Ma’rifat” mahallasining qiyofasi "Obod mahalla" dasturi doirasida tubdan o‘zgarishi kerak edi. 3 yil oldin boshlangan ishlardan aholi biroz xursand ham bo‘lgandi. Ammo shuncha vaqt o‘tdiki, mahalla obod emas, aksincha...

Hududda yashovchilardan birining aytishicha, ko‘cha asfalt qilinadi deya va’dalar berilganiga 2 yildan oshmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kavlayveradi, qishda bolalarimiz bog‘chaga, maktabga borganida loy, yozda esa chang bo‘ladi. Hokimi ham va’da qilib ketgan, “zamhokim”ini tanimaymiz ham. Mahalla komiteti uzoqdan aytib ketadi, asfalt esa hanuz yo‘q. Oqova suvni ham nari-beri qilib ketishgan. Buyog‘imiz obod makon, bizniki xaroba makon bo‘lib qoldi-da”, – deydi u.

Yana bir fuqaroning aytishiga qaraganda, ancha oldin o‘tkazilgan oqova suv tizimi ishga tushirilmagan.

“3 yil oldin kanalizatsiya, suv o‘tkazamiz deb mahallamiz ko‘chasining ba’zi yerlarini qazishgan edi, qazib ishni tugatib ham bo‘lishdi. Suvlarni o‘tkazishdi, xo‘p, bunga rahmat. Kanalizatsiya ishlaydi degan edi, ammo hanuzgacha ishga tushirilgan emas.

Mahallamizning ahvoli mana shunday abgor. Biror kimsa kelib xabar olmaydi. Mahalla komissiyamiz nima ish qilyapti? Bilmaymiz. 3 yildan beri bitmayotgan asfalt, shu yil qishgacha bitadimi yoki yo‘q, bundan ham bexabarmiz”.

Holat bo‘yicha biror mas’ul tashkilot shu vaqtgacha munosabat bildirmagani, muammolar hal etilmagani taajjubga soladi.

Vaholanki, bu yil ham xuddi o‘tgan yilgidek mahallalar uchun 2 mlrd so‘mdan ajratilishi belgilangan edi.

Har bir mahallaga respublika budjetidan 1 mlrd so‘m, mahalliy budjetining qo‘shimcha daromadlari hisobidan yana 1 mlrd so‘m ajratilishini va bu bilan ichki yo‘llar yaxshilanishi belgilangan edi.

Mana shu mablag‘ qayerga sarflanayotgani, yuqorida nomi qayd etib o‘tilgan mahallaga ham yo‘naltirilganmi yoki yo‘q, shuni bilish maqsadida Yashnobod tumani hokimiyati axborot xizmati bilan bog‘landik. Ammo bu borada tayinli ma’lumot ololmadik.

Hokimlik matbuot kotibining ta’kidlashicha, bu yo‘llar bosqichma-bosqich asfalt qilinadi, 3 yildan beri surilib kelayotgan ish yana cho‘zilishi mumkin.

“Undan ham ko‘proq muddatga cho‘zilib ketganlari ham bor. Bu kabi murojaatlar, shikoyatlar “Xalq nazorati”dan keladi, shunga sekin-asta qilib kelinyapti”, – deydi tuman hokimining matbuot kotibi Diyor Abdulholiqov.

Bir necha yil oldin boshlanib, chala tashlab ketilgan ishlarni tugatmay turib, nega boshqa ishlarga o‘tib ketilyapti? Mahallaga o‘sha yili ajratilgan pullar nima bo‘lgan, yetmasligi avvaldan ma’lum bo‘lsa ham, kam pul ajratilganmi yo yetarlicha mablag‘ ajratilgan bo‘lsa ham, u tuya qilinganmi? Agar bajarilmasa, nega odamlarga va’da berilgan?

Xulosa chiqarishni o‘quvchining o‘ziga havola qilamiz.

Dilshoda Shomirzayeva,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid