O‘zbekiston | 08:42 / 17.09.2022
8006
3 daqiqa o‘qiladi

To‘lovga qobiliyatsizlikni yashirganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi

“Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 179-6 va 179-7-moddalar bilan to‘ldiriladi.

179-6-moddaga ko‘ra, yuridik shaxs mansabdor shaxsi yoki muassisi (ishtirokchisi) yoxud yuridik shaxs mulkdori, jismoniy shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar va hujjatlarni taqdim etishi, buxgalterlik hisobotlarini buzib ko‘rsatishi yoki o‘z to‘lovga qobiliyatsizligini boshqacha tarzda qasddan yashirishi kreditorlarga zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa – yuridik shaxs mansabdor shaxsi yoki muassisi (ishtirokchisi) yoxud yuridik shaxs mulkdori, jismoniy shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorlarga bazaviy hisoblash miqdori 50 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

179-7-moddaga ko‘ra, soxta to‘lovga qobiliyatsizlik, ya’ni yuridik shaxs mansabdor shaxsi yoki muassisi (ishtirokchisi) yoxud yuridik shaxs mulkdori, jismoniy shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor o‘z majburiyatlarini iqtisodiy jihatdan bajara olishi haqida bila turib, pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qanoatlantirish va (yoki) soliq hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatini to‘liq hajmda bajara olmasligi to‘g‘risida e’lon berishi kreditorlarga zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa — yuridik shaxs mansabdor shaxsi yoki muassisi (ishtirokchisi) yoxud yuridik shaxs mulkdori, jismoniy shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar bazaviy hisoblash miqdori 50 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Fuqarolik kodeksi 26-1-modda bilan to‘ldiriladi. Unga ko‘ra, jismoniy shaxs, pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatini to‘liq hajmda bajarishga qodir bo‘lmaganda, u sud tomonidan to‘lovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin. Jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish asoslari, tartibi va oqibatlari qonunchilikda belgilanadi.

Mehnat kodeksi 98-1-modda bilan to‘ldiriladi. Unga ko‘ra, qarzdor aktivlari o‘rni almashtirilayotganda bu haqda qaror qabul qilinguniga qadar amalda bo‘lgan barcha mehnat shartnomalari, ish beruvchi huquq va majburiyatlari yangi tashkil etilayotgan aksiyadorlik jamiyatiga yoki aksiyadorlik jamiyatlariga o‘tkazilgan holda, o‘z kuchini saqlab qoladi.

Kodeks 106-1-modda bilan ham to‘ldiriladi. Tashqi boshqaruv yoki tugatishga doir ish yuritish tartib-taomili joriy etilganda sud boshqaruvchisi tomonidan korxona rahbari bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadi. Sud boshqaruvchisi korxona rahbari bilan mehnat shartnomasini bekor qilish yoki uni boshqa ishga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqaradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid