O‘zbekiston | 18:09 / 18.09.2022
17980
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda YPX xodimlari tomonidan jarima maydonchasiga qo‘yilgan mashina bir necha soatdan keyin yonib ketdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Nishon tumanida joylashgan jarima maydonchasiga qo‘yilgan Nexia mashinasi bir necha soatdan keyin yonib ketgani, mashinaning egasi uni yoqib yuborishganini aytayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB axborot xizmati munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 6 avgust kuni soat 13:30 larda Qamashi tuman IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, tumanning “Qovchin” MFYda joylashgan “Texnika to‘plam” MChJga qarashli jarima maydonchasiga qo‘yilgan “Navoiy” MFYda yashovchi B.E.ga tegishli bo‘lgan Nexia mashinasi turgan joyida yonib ketgani ma’lum qilingan.

Shundan so‘ng hodisa joyiga tuman FVB xodimlari chiqib, holatni o‘rganganda, yong‘in avtomashinaning old kapot qismidan kelib chiqqani ko‘rsatilgan.

Yong‘in o‘chog‘ini aniqlash maqsadida 2022 yil 8 avgust kuni yong‘in sodir bo‘lgan joydan olingan elektr simi va kul namunalari Adliya vazirligi qoshidagi H.Sulaymonova nomidagi sud-ekspertiza markaziga ekspertizadan o‘tkazish uchun yuborilgan.

Markazning xulosasida hodisa sodir bo‘lgan joydan olingan yong‘in qoldiqlarida neft mahsulotlari va tez yonuvchi suyuqliklarning izlari mavjud emasligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Nexia mashinasini qasddan yoqib yuborish holatlari aniqlanmagani sababli yetkazilgan zararni undirish bo‘yicha fuqaro B.E.ga sug‘urta tashkilotiga murojaat qilishi va “Texnika to‘plam” MChJ bilan bog‘liq harakatlari fuqarolik munosabatlari ekanini inobatga olib, Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishi tushuntirilgan.

Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida Cobalt mashinasi uyda turgan paytda uning gaz balloni portlab ketgandi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid