Donetsk va Luhanskdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «respublika»larda shoshilinch ravishda Rossiyaga «qo‘shilish» bo‘yicha referendumlar o‘tkazishga chaqiriqlar yangramoqda. 19 sentabr kuni «DXR» va «LXR» rahbarlari Denis Pushilin va Leonid Pasechnikka ikki region jamoat palatalari tomonidan murojaatlar yo‘llandi. Luhanskdagi palatadagilar referendumni «zudlik bilan», Donetskda esa — «kechiktirmasdan» o‘tkazishga chaqirilgan. «DXR» va «LXR» rahbarlari bunday referendumlar o‘tkazish rejalari haqida 2022 yil martidayoq aytishgandi.
«DXR» rahbari Denis Pushilin «LXR» rahbariga referendumlarga birgalikda tayyorlanishni taklif etgan. Pushilin o‘z telegram-kanalida Leonid Pasechnik bilan muloqoti aks etgan videoni joylashtirgan. Videoyozuvda «DXR» rahbari Pasechnikka «DXR» va «LXR» rasmiylarining «referendumga tayyorgarlik ko‘rish uchun qadamlar ishlab chiqish» sa’y-harakatlarini birlashtirishni taklif qilganini ko‘rish mumkin.
Xerson oblastining rossiyaparast ma’muriyatida ham imkon qadar tez fursat ichida Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazish istagi bildirilgan. Bunday bayonot Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Kirill Stremousov tilidan yangragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomonidan egallangan hududlarda «Rossiya ketib qolishidan qo‘rqayotgan» aholi «ular tashlab ketilmasligiga ishonch hosil qilish uchun» shunday referendum o‘tkazish bo‘yicha taklif bermoqda.
20 sentabr kuni Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Vladimir Saldo hududning Rossiya tarkibiga qo‘shilishi bo‘yicha referendum o‘tkazishga qaror qilingani haqida aytdi. Shu kuni Zaporijjya oblasti harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari Yevgeniy Balitskiydan ham Rossiya tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazishni so‘rashdi. Uning aytishicha, bu taklif «My vmeste s Rossiyey» harakati tomonidan berilgan.
Hozircha to‘rt hududda ham referendumlarni o‘tkazish sanasi ma’lum qilinmagan. RF Davlat dumasidagilar «LXR»da referendum 2022 yil kuzidayoq tashkillashtirilishi mumkinligini aytmoqda. Deputat Viktor Vodolatskiy shunday degan: «O‘ylaymanki, bu yaqin orada bo‘ladi. Respublikalar rahbarlari bu murojaatlarda tez orada munosabat bildirishi kerak. Bu kuzda bo‘ladi, undan kech emas». Deputatning so‘zlariga ko‘ra, «LXR»dagi saylov tizimi referendum o‘tkazishga (u «DXR»da referendum o‘tkazilishi haqida hech narsa demagan) 100 foiz tayyor holatda. «DXR» jamoat palatasidagilar ovoz berish jarayoni bir necha kunga cho‘zilishi mumkinligini bildirgan.
«Ukraina qurolli kuchlari ularni bosh berk ko‘chaga tiqib qo‘ydi»
Ukraina hukumatidagilar Donetsk va Luhansk xuddi Qrim kabi Ukraina hududi ekanini ta’kidlamoqda. Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak «referendumlar» haqidagi xabarlarni sharhlar ekan, «rossiyalik propagandachilar unga xuddi panatseya (har dardga davo) kabi muhabbat qo‘yishgani»ni aytadi.

















