Ayni kunlar pishiqchilikning oxirgi damlari, bozorlarda to‘kinlik. Lekin hamma ro‘zg‘orda kundalik ishlatiladigan pomidor narxi juda qimmat. Eng arzon bozorboplari 6-7 ming bo‘lsa, oldi 12-15 ming so‘mgacha chiqib ketdi. Yetakchi supermarketlarda saralab olinishi hisobiga bundan ham qimmat. Bugungi kunda go‘sht narxini 80 ming deb oladigan bo‘lsak, bir kilo go‘sht puliga 8-10 kg pomidor kelishi ma’lum bo‘ladi. Ko‘rinadiki, yo pomidor juda qimmat, yo go‘sht juda arzon.

Xo‘sh, hamma tomorqalarda pishib to‘kilib yotadigan bu ne’mat nega yildan yilga kamayib, tanqislashib bormoqda?

Sherzod Jalilov, xaridor, Toshkent:

– Poytaxtning gavjum joylaridan birida, Farhod bozorining ro‘parasida yashayman. Bilasiz, bu bozor nisbatan arzonligi bilan mashhur, juda ko‘p joylardan xaridorlar kelishadi. Har yili katta yuk mashinalarida keltirib sotiladigan pomidorlar bu yil yo‘q negadir. Eng katta sotuvchida ham nari borsa bir necha yashik pomidor ko‘ryapman.

Bilishimcha, bu yil juda ko‘pchilik banka ham yopa olmadi. Narxlar bunaqa bo‘lganidan keyin banka yopishdan ma’ni yo‘qda. Bu muammolar qopqoq, banka savdosini ham to‘xtatdi. Qishga borib hali tuzlamalar rosa qimmat bo‘lsa kerak. Hozir bu bozordan 7 ming so‘mdan olingan pomidorga ko‘nglingiz to‘lmaydi. 10 ming so‘mligiga esa istasangiz istamasangiz og‘rinasiz.

Sirojiddin O‘roqov, dehqon, Samarqand:

– Yaqin-yaqingacha ham biz yashaydigan hududlarda juda ko‘p pomidor yetishtirilardi. Pritseplarda olib borib zavodlarga topshirardik. O‘zimiz eshak aravalarga ortib, shaharga olib borib sotib kelardik. Arzon bo‘lsa-da, banka yopish mavsumida durustgina daromad qilardik. So‘nggi yillarda hatto ro‘zg‘or uchun o‘zimiz ham sotib olyapmiz. Kasallik ko‘paygan, hosildorlik past, daromad bermagani kamlik qilgandek mehnat va o‘g‘itga kuyganimiz qolyapti.

Allaqanday oq pashsha tushadi va poyani ham, hosilni ham ilma-teshik qilib tashlaydi. Ko‘pincha poya hali hosilga kirmay qovjirab qolyapti. Shuning uchun biz tarafdagi juda ko‘pchilik dehqonlar nisbatan chidamli, saqlash oson bo‘lgan Kavkaz loviyasi yetishtirishga o‘tib ketishdi. Shu bilan pomidorga qaytmasak ham kerak.

Baxtiyor Rasulov, biolog olim:

– Nazarimda, bu boradagi muammolarning boshlang‘ich bosqichidamiz. Hali narxlar oshishi, mahsulot tanqisligi yanada kuchayishi mumkin. Chunki agrar sohada ilm uzoq yillar o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Seleksiya ishlari o‘lda-jo‘lda, oddiy pomidorda ham xorij urug‘chiligiga suyanib qoldik. Milliy gen banki muhimligi bo‘yicha juda ko‘p marta bong urdik, afsus, hech kim e’tibor bermadi.