Jahon | 08:14 / 27.09.2022
5299
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada narxlar oshishiga qarshi norozilik bildirilmoqda

Germaniyaning sharqiy shaharlarida federal hukumat siyosatiga qarshi navbatdagi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

Foto: dpa

Germaniya sharqidagi federal hududlarda minglab odamlar ko‘chalarga chiqib, narxlarning oshishiga qarshi norozilik bildirishdi, shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni olib tashlash va Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatishni talab qilishdi. Bu haqda 26 sentabr, dushanba kuni dpa agentligi xabar berdi.

Meklenburg-Old Pomeraniya federal yerida, politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 20 xil joyda jami 11 mingga yaqin odam to‘plangan. Noybrandenburg shahrida namoyishchilar, jumladan, Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish va energiya tashuvchilar narxini cheklashni talab qilishdi.

Shverin shahrida namoyishchilar Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurini ishga tushirishni talab etgan. Saksoniya-Anhaltdagi aksiyalarda 3000 ga yaqin kishi qatnashdi. «Minglab» odamlar Tyuringiya shaharlari ko‘chalariga chiqdi, deb yozadi dpa. Saksoniyaning Leypsig shahrida, politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 1000 ga yaqin namoyishchi to‘plangan.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan buyon va keyinchalik Yevropada energiya narxining oshishi munosabati bilan Germaniyada muntazam ravishda federal hukumat siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazib kelinmoqda. Ayni paytda odamlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun mitinglarga chiqyapti.

Sentabr oyida Bundestagdagi barcha siyosiy kuchlar ichida eng kichigi bo‘lgan muxolif So‘l partiya nemislarni «Issiq kuz ijtimoiy sovuqqa qarshi» shiori ostida federal hukumatning energiya va ijtimoiy siyosatidan noroziligini bildirish uchun 5 sentabrdan boshlab dushanba kunlari ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. Hozirgi norozilik namoyishlarida 1989 yil GDR tugatilishi arafasida boshlangan dushanba kungi namoyishlar an’anasiga amal qilinyapti.

Mavzuga oid