Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida Paxtachi tumanida bo‘ldi.
Go‘ro‘g‘li mahallasida yashovchi Sherali Egamberdiyev chorvachilik ortidan ro‘zg‘or tebratadi. U biz bilan suhbatda 2021 yilning 7 dekabr kuni qo‘rasidan 20 ta qo‘y o‘g‘irlab ketilganini ma’lum qildi.


Cho‘pon erta turib qo‘ra atrofida begona oyoq izlarini ko‘rgan. Hodisa joyiga yetib kelgan profilaktika inspektorlari tuman sharoitida ekspertiza qilish yoki iz oluvchi itlari yo‘qligi aytgan. Shu sababli izlar ustiga plyonka tashlab qo‘yishni tayinlagan. Voqeadan uch kun o‘tib Samarqand viloyatidan mutaxassislar yetib borganida esa, izlardan asar ham qolmagan.



Sherali akaning turmush o‘rtog‘i Lobar Qosimova sakkiz-to‘qqiz oy davomida murojaat qilmagan tashkilot qolmadi hisob. Lobar opaning aytishicha, viloyat hokimining sayyor qabuliga murojaat qilish uchun borganida, u Paxtachi tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan to‘xtatib qolingan. Hatto uning qo‘lida Paxtachi tuman IIB boshlig‘i Muxtor Ahmedovning jinoyatni 15 kuni ichida ochib beraman, deb yozilgan tilxati ham bor.
Biroq natija o‘sha-o‘sha!
Darvoqe, bu birgina holat emas. Ushbu xonadondan chamasi ikki kilometr naridagi qo‘radan ham 2021 yilning mart oyida 26 ta qo‘y o‘g‘irlangan. Chorva egasi Sabohat Obloqulova murojaat qilinganidan bir oy o‘tib, IIB xodimlari o‘rganish uchun kelganini aytmoqda.


Sabohat opa gumondor haqida ichki ishlar idoralariga ma’lum qilgan. Gumon qilishiga yetarlicha asoslari ham borligini aytmoqda. Qizig‘i, ikki oila ham bir odamdan gumon qilmoqda. Chunki uning oyoq izlarini ertasi kuni qo‘ra atrofida ko‘rishgan, qolaversa, bir kun avval uylari atrofida ham uni ko‘rishgan. Hududdagi uylarning joylashuviga e’tibor qiladigan bo‘lsak, begona kishi bejizga birovning xonadoni yoki qo‘rasiga yaqinlashmaydi. Yalanglikda begonani payqash juda ham oson.

















