16:24 / 27.09.2022
41145

Medvedev Ukrainaga “eng dahshatli” atom bombasi bilan tahdid qildi

Dmitriy Medvedevning aytishicha, Rossiya yadro qurollaridan foydalanishni istasa, “hech kimdan ruxsat so‘rab o‘tirmaydi, muhokamalar uzoq davom etmaydi”. U Ukrainaga qarshi “eng dahshatli qurol” qo‘llanishini tasavvur qilib ko‘rishga chaqirdi.

Foto: AP

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev bir hafta ichida ikkinchi marta yadro qurolidan foydalanilishi ehtimoli haqida bayonot bilan chiqdi.

Medvedev 27 sentabr kuni Telegram'dagi kanalida Rossiyani yadroviy quroldan tiyilishga qaratilgan G‘arb davlatlarining chaqiriqlariga munosabat bildirdi. Bunday chaqiriqlar RF prezidenti Vladimir Putinning o‘tgan haftadagi navbatdagi yadroviy tahdididan keyin yangragan edi. Xususan, AQSh Rossiyani yadroviy hujumga javoban “falokatli oqibatlar”dan ogohlantirgan edi.

Medvedev o‘zining haqoratli postida G‘arbning bayonotlarini “so‘zlar vositasidagi odatiy ich ketishi”, “diareyali demagogiya favvorasi” deb ta’rifladi, NATOni esa “ko‘pikli Atlantika tupugi” deb atadi.

“Faqat o‘zini eshitadigan karlarga yana bir marta eslatishga to‘g‘ri keladi. Agar bunga zarurat bo‘lsa, Rossiya yadro qurolini qo‘llash huquqiga ega. Avvaldan belgilab qo‘yilgan vaziyatlarda. Yadroviy tiyib turish sohasidagi davlat siyosati asoslariga qat’iyan muvofiq holda. Bizga yoki ittifoqchilarimizga shunday turdagi qurollar bilan hujum qilingan taqdirda. Yoki oddiy qurollarni qo‘llash orqali qilingan agressiya davlatimizning mavjudligiga tahdid tug‘dirgan taqdirda. Yaqinda Rossiya prezidenti ham bu haqda ochiqchasiga gapirdi”, dedi Medvedev.

RF XK rasmiysining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya “o‘ziga dushman qo‘shnilari”ning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha ishni qiladi. Medvedev misol qilib Ukrainani keltirdi va bu davlatni go‘yo “NATO davlatlari boshqarayotgani”ni iddao qildi.

“Ular tushunishadi: agar Rossiyaga tahdid belgilangan xavf darajasidan ortib ketsa, javob qaytarishimizga to‘g‘ri keladi. Hech kimdan ruxsat so‘ramagan holda, uzoq muhokamalarsiz. Va bu aniq blef emas”, – deya yozdi Dmitriy Medvedev.

Uning so‘zlaridan anglash mumkinki, Moskva Ukrainaga yadroviy hujum qilgan taqdirda ham NATOning mojaroga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashmasligiga umid qilmoqda.

“Tasavvur qilaylik, Rossiya o‘zining mavjudligi uchun tahdid bo‘lgan, keng miqyosli agressiya aktini sodir etgan ukrain rejimiga qarshi eng dahshatli qurolni qo‘llashga majbur bo‘ldi. Menimcha, NATO bunday holatda ham nizoga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashmaydi. Axir Shimoliy Atlantika alyansi uchun hech kimga keraksiz, o‘lib ketayotgan Ukrainadan ko‘ra Vashington, London va Bryusselning xavfsizligi muhimroq”, – dedi RF Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari.

Ma’lumot uchun, Dmitriy Medvedev 22 sentabr kungi postida Rossiya nafaqat safarbarlik imkoniyatlaridan, balki “har qanday, xususan strategik yadro va yangi prinsiplardagi qurollardan ham” foydalanishga tayyorligini bildirgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top