Andijon viloyati Asaka tumanidagi 55-umumta’lim maktabi 1938 yil qurilgan. Maktab tumanning qoq markazida joylashgan bo‘lishiga qaramay, uzoq yillar davomida kapital ta’mirlanmasdan qolmoqda.

Hozir bu yerda 2177 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Maktab esa aslida 1060 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan.

Eski maktabda umrini o‘qituvchilikka bag‘ishlagan Nodiraxon Ahmadjonova uzoq yillar davomida bolalarga ona tili va adabiyoti fanidan dars berib kelyapti. 1 oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan Nodiraxon opaning faoliyatiga nazar soldik.

1997 yil ilk bora bolalarga dars berishni boshlagan ustoz minglab shogirdlar yetishtirgan. U tonggi 6 dan boshlab bolalarga bepul qo‘shimcha darslar o‘tib, oliy ta’lim muassasasiga tayyorlaydi.

“Har haftada 2 soatdan, bir oyda 8 soat o‘quvchilarga bepul qo‘shimcha dars o‘taman. Avvaliga 2 yil mobaynida maktabda qilib ko‘rdim, bu yildan boshlab esa o‘quv markazi tashkil qilib, o‘quv markazida o‘tyapman. Shunda ham kimdir harakat qilib yaxshi o‘qiydi, kimdir esa yo‘q, majburlagandek kelishadi.

Shu darsni kursda qanday o‘tsam, maktabdagi darsda ham shunday o‘taman, nazarimda tizimni o‘zgartirish kerakmi, deb o‘ylab qolaman: sinfda o‘quvchilar olayotgan bilim bilan repetitorlik kurslarida olinayotgan bilimning farqi anchagina. Repetitorga kelgan o‘quvchi darsni mukammalroq o‘zlashtiradi.

Sinfdagi o‘quvchilarning hammasiyam tilchi, tarjimon yoki iqtisodchi bo‘lavermaydi. Masalan, iqtisodchi bo‘lmoqchi bo‘lgan o‘quvchidan mumtoz adabiyotni talab qilolmaymiz. O‘quvchilarni iqtidorli yoki iqtidorsiz qilib emas, ularning qiziqish va xohishlarni inobatga olgan holda sinflar tashkil qilish kerak, shundagina kutilgan natijani berishi mumkin. O‘quvchi o‘zi qiziqqan soha bo‘yicha o‘qisa yaxshiroq menimcha, chunki unda maqsad bo‘ladi. Hozirgi umumiy ta’limimizda o‘quvchida maqsad yo‘q deyolmayman, lekin ular go‘yoki hamma fanni o‘qishga majburdek.

2 yil davomida bepul, ixtiyoriy, haftada 3 martadan, bir oyda 12 soat tong sahar ertalabdan uyqumdan voz kechib kelib dars o‘tdim. Men hayron qoldim – 30 ta o‘quvchi bilan boshlagan bo‘lsam, bir kun 25 ta, bir kuni 24 ta, bir kuni 30ta, har kuni kimdir kelmay qolaveradi, ota-ona mas’uliyat bilan jo‘natmaydi yoki o‘quvchining o‘zida mas’uliyat yo‘q, buni maktabda to‘liqligicha anglab yetishmas ekan. Lekin o‘quv markazida o‘tayotgan pulli kursimga to‘liqligicha, vaqtida kelishadi. Ikkalasida ham bir xil tizim, bir xil kitobdan test ishlatib o‘taman darsni. Bundan xulosa qilib aytishim mumkin, qachonki o‘qituvchi bilan o‘quvchining maqsadi birlashsagina, u o‘z mevasini beradi”.