Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktabrdagi 646-son qarori bilan tasdiqlangan taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarga taʼlim berish uchun boshqa hududlardan oʻqituvchi-pedagoglarni jalb etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Yangi tartibga koʻra, vakant soatlar boʻyicha bir oʻringa ikki yoki undan ortiq nomzod boʻlgan taqdirda, oʻqituvchilar kasbiy bilim va koʻnikmalari, pedagogik mahorati hamda psixologik qobiliyati boʻyicha suhbatdan oʻtkaziladi.
Suhbat 100 ballik tizim asosida tashkil etiladi. Bunda nomzodning kasbiy bilim va koʻnikmalari uchun 40 ball, pedagogik mahorati uchun 30 ball va psixologik qobiliyati uchun 30 ball beriladi.
Har bir nomzod ishchi guruh aʼzolari tomonidan mustaqil baholanadi. Yakuniy natija esa guruh aʼzolari qoʻygan ballarning oʻrtacha arifmetik qiymati asosida hisoblanadi.
Suhbat yakunlariga koʻra, eng yuqori ball toʻplagan nomzod tegishli vakant soat uchun oʻqituvchi sifatida tanlab olinadi.
Agar ikki yoki undan ortiq nomzod bir xil ball toʻplasa, ularning amaldagi malaka toifasi darajasi, pedagogik ish staji, shuningdek, tegishli milliy yoki xalqaro sertifikati mavjudligi va uning darajasi inobatga olinadi.
Shuningdek, pedagoglarni saralash jarayonini onlayn shaklda oʻtkazishga ham ruxsat berildi.



