Xerson oblastida nimalar bo‘lmoqda?
Ukraina qurolli kuchlari Xerson oblastida jiddiy qarshi hujum boshlagan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 2 oktyabr kuni harbiylar Ingulets daryosi bo‘yidagi Arxangelsk posyolkasini, shuningdek Mirolyubovka posyolkasini ozod etgani haqida xabar berdi. Ijtimoiy tarmoqda ukrain harbiysi Mirolyubovkadagi binolardan biriga Ukraina bayrog‘ini o‘rnatayotgani aks etgan surat tarqalgan. Ukrain kuchlari sentabr oyi boshidayoq Mirolyubovka va Arxangelsk atrofida paydo bo‘lgandi.

Ukrain harbiylari Dnepr daryosi bo‘ylab ham yurish qilmoqda. Rossiyalik «voyenkor»larga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Dnepropetrovsk oblasti bilan chegaradagi Novovoronsovkidan 25 kilometr janubdagi Mixaylovkiga qadar hududdagi bir qancha aholi yashash manzillarini ozod etgan. So‘nggi bir kunda Ukraina qurolli kuchlari taxminan 15 kilometrga ilgarilagan.
Ukraina armiyasi Dudchaniga ham yetib kelgan, Xerson oblastida bo‘lib turgan rossiyalik harbiy muxbirlardan biri Roman Saponkovning 2 oktyabr kuni kechqurun yozishicha, «frontdagi vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘linmagan». Yana bir «voyenkor» Yuriy Kotenok esa ukrain harbiylari Dudchanini egallashgani haqida yozgan. Rossiyalik «vatanparvar» telegram-kanal «Ribar» 3 oktyabr kuni soat 11:00 holatiga rossiyalik harbiylar Zolotaya Balka qishlog‘idagi pozitsiyani boy bergani, Ukraina qurolli kuchlari Novovoronsovka — Novoaleksandrovka trassasi bo‘ylab mustahkam o‘rnashgani va Dudchani tomon harakatlanayotganini tasdiqlagan.
Ukraina qurolli kuchlari Dudchani hududidan turib Kaxova GESga yorib o‘tishni rejalashtirgan, ammo Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati rahbari Vladimir Saldo «ular yakson etilgani» haqida xabar berdi. RF mudofaa vazirligi ukrain qo‘shini Zolotaya Balka — Aleksandrovka yo‘nalishida rossiyaliklar mudofaasi «chuqurligiga kirgani» haqida xabar berdi.
2 oktyabr kuni ukrain askarlari Kreshchenovka va Osokorovka qishloqlariga (Osokorovkaga kirishda tarvuzga qo‘yilgan yodgorlik bor) kirgani haqidagi video va fotolar tarqaldi.


Shuningdek, ukrain manbalari Zolotaya Balkada olingani aytilgan videoni tarqatishdi. 3 oktyabr kuni ukrain nashrlari Mixaylovka qishlog‘ida Ukraina bayrog‘ini ko‘tarib turgan ukrain askari videosini namoyish etishdi.















