OPeK+ davlatlari 5 oktyabr kuni neft qazib olish hajmini kuniga 2 million barrelga kamaytirishga kelishib olishdi. Oqibatda bozorda «qora oltin» narxi ko‘tarilib, 1 barrel uchun 93 dollargacha chiqib ketdi. «Meduza» bu qaror Rossiya iqtisodini qutqarib qoladimi, degan savolga javob olish uchun Energetika va moliya instituti direktori Marsel Salixov bilan suhbatlashdi.
– Ayting-chi, OPeK+ davlatlarining ushbu qarori nimani anglatadi?
– Men bu [AQSh va Yevropa Ittifoqiga] yo‘llangan signal deb o‘ylayman. Mart oyidayoq Ukrainadagi voqealar sabab neft narxi keskin ko‘tarilishni boshladi va AQSh narxni tushirish uchun federal zaxirasidan kuniga qo‘shimcha 1 million barrelni bozorga olib chiqishga qaror qildi.
Oxirgi oylarda narx 120 dollardan 80 dollargacha tushib ketganida OPeK davlatlari narxni ko‘tarish uchun AQShdan bozorga qo‘shimcha neft chiqarishni to‘xtatishni so‘rashdi. Ammo AQSh bunday qilmadi: benzin narxi oshayotgani, yaqinlashib kelayotgan saylovlar bahona qilindi. Ya’ni AQSh administratsiyasi uchun doim narx oshishiga qarshi kurashayotgandek ko‘rinish muhim hisoblanadi. OPeKning aksar davlatlari, xususan, Saudiya Arabistoni AQShning bu harakatini nodo‘stona deb topdi.
Yana bir omil – Rossiya neftiga chegaralangan maksimal narx belgilanishi mumkinligi haqidagi gaplardir. OPeK davlatlari esa bu borada Rossiyani qo‘llasa kerak, chunki narxni cheklash bir kun kelib OPeKning o‘ziga ham ta’sir qilishi mumkinligini tushunib turishibdi. Aytaylik, bugun bundan Rossiya jabr ko‘rmoqda, bir necha yildan keyin esa biror nodemokratik harakati uchun Saudiya ham zarar ko‘rishi mumkin.
Shunday ekan, bu masalada OPeK davlatlari Rossiyani qo‘llashi ehtimoli yuqori, chunki ular uchun siyosiy holat, Ukraina bo‘yicha pozitsiya qiziq emas. Xullas, ular «Siz narxga cheklov qo‘yavering, biz ham siyosatingizni qiyinlashtiradigan chora-tadbirlar ko‘rishni bilamiz», qabilida yo‘l tutishmoqda.
– Qazib olishni kuniga 2 million barrelga kamaytirish kelishuvi qanchalik ishonarli?
– Bilasizmi, OPeK+ davlatlari hozir shundog‘am kuniga maksimal kvotadan 3,6 million barrel neftni kamroq qazib olishmoqda. Ko‘p davlatlar maksimal imkoniyatlaridan kamroq gaz qazib olmoqda. Masalan, Rossiya, Qozog‘iston, Nigeriya, Venesuela. Saudiya Arabistoni qazib olishni kamaytiradimi-yo‘qmi – asosiy gap shunda. Agar Saudiya ham qazib olishni qisqartirsa, bozor OPeK+ kelishuvi nimanidir hal qilishiga ishonadi. Axir OPeK+ uchrashuvidan avval ham qazib olish kamayishi haqidagi mish-mishlar fonida narx oshishga ulgurdi.















