Samarqandda to‘yda yo‘qolib qolgan bolaning jasadi quduqdan topilgani haqida xabar berilgandi. Kun.uz jurnalisti Urgut tumanida bo‘lib, voqea tafsilotlarini o‘rgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil 25 sentabr kuni Etakbeshkapa mahallasidagi to‘yxonaga otasi bilan kelgan to‘rt yoshli bolakay yo‘qolib qolgan. Voqeadan bir necha kun o‘tib bola aynan to‘yxona hovlisidagi quduqdan topilgan.
Mahalla raisi Jahongir Davronovning aytishicha, hudud aholisining aksariyati mustaqil tarzda quduq qazib, iste’mol uchun foydalanib keladi. Qishloqda suv sathi biroz pasaygani sababli to‘yxona qudug‘i vaqtincha ishlatilmagan va ustiga tunuka tashlab qo‘yilgan. Quduqlarni davlat tashkilotlari emas, fuqarolarning o‘zi qazib oladi. Oqsoqol shu paytga qadar bunday noxush holat kuzatilmaganini ma’lum qildi.


Bolani topish uchun huquq-tartibot idoralari vakillari, shuningdek, uning yaqin qarindoshlari va qishloqdoshlar ham harakat qilgan.
Urgut tumanidagi Ipakli mahallasi profilaktika inspektori Kamoliddin Haqberdiyev to‘yxona hovlisidagi quduqni tasodifan ko‘rib qolganini aytmoqda. Inspektor bir necha kun avval internetda quduqqa tushib ketgan bola haqidagi videolavhani ko‘rgan. O‘sha holatni eslab, bolakay quduqqa tushib ketgan bo‘lishi mumkin, degan tasavvurga borgan. Shundan keyin telefon chirog‘ini yoqqan va ipga bog‘lab quduq ichiga tashlashgan.

“Chiroq yorug‘ida bolakayning ko‘ylagi ko‘rindi. Keyin maxsus xizmat xodimlarini chaqirtirib, uni tashqariga chiqarib oldik. U allaqachon nobud bo‘lgandi”, - deydi Kamoliddin Haqberdiyev.
Mahalla nuroniylaridan biri Mardon Turdiyev bunday holatda birovni ayblashdan ko‘ra, ikki tomon ham bosiq bo‘lishi lozimligini aytmoqda. Otaxon hamma narsa qonun doirasida bo‘lishi, o‘zaro ikki tomonning qasdlashishi yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Biz Xo‘jayduq mahallasida ham bo‘lib, marhumning yaqinlari bilan suhbatlashdik.


















