Vazirlar Mahkamasining «To‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarida chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni hamda ular eksportini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Prezident farmoniga muvofiq, Eksportni rag‘batlantirish agentligi tarkibida To‘qimachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilgan.
2022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvargacha belgilangan tartibga muvofiq, Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda bo‘yalgan mato, aralash va bo‘yalgan gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirgan tashkilotlarga uskunalar qiymatining 10 foizi, biroq 500 ming dollar ekvivalentidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jamg‘arma hisobidan subsidiya ajratiladi.
Subsidiya olish uchun quyidagilar zarur: yuqorida ko‘rsatilgan loyihalar doirasida yangi uskunalar xarid qilish; uskunalar qiymatiga yetkazib berish hamda boshqa qo‘shimcha xizmatlar xarajatlarini kiritmaslik; loyihani foydalanishga topshirish dalolatnomasi mavjud bo‘lishi.
TIF Milliy banki tomonidan xorijiy valutada kreditlar ajratiladi:
bo‘yalgan mato, aralash va bo‘yalgan gazlama mahsulotlarini, tarkibida sun’iy tola 80 foizdan yuqori bo‘lgan ip-kalava ishlab chiqarish uskunalarini xarid qiluvchi korxonalarga - boshlang‘ich 15 foiz to‘lovni to‘lash uchun yetti yil muddatgacha, uch yillik imtiyozli davr bilan, depozit stavkasiga bankning 1 foizlik marjasini hisobga olgan holda;
bo‘yalgan mato va gazlama, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalarga - eksportoldi moliyalashtirish (3 mln dollargacha), shu jumladan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun, bir yil muddatgacha, to‘qqiz oygacha imtiyozli davr bilan, depozit stavkasiga bankning 1 foizlik marjasini hisobga olgan holda.
Bo‘yalgan mato, bo‘yalgan gazlama va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini, shu jumladan komissioner (ishonchli vakil) orqali realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida ushbu mahsulotlar kamida 80 foizini eksport qilgan korxonalarga: ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘lash; mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza yubormasdan turib, soliq organlarini xabardor qilgan holda uch yil muddatgacha yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i to‘lovini kechiktirish huquqi beriladi. Bunda, ushbu soliqni kechiktirish muddati tugaganidan so‘ng soliq qarzi va hisoblangan foizlar kechiktirish muddatiga teng muddat mobaynida bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi.

















