Jahon | 11:30 / 07.10.2022
14358
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosarining oilasiga tegishli 50 mlrd rubllik aktivlar topildi

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikova va uning yaqin qarindoshlarida Yevropada bir nechta villalar, Rossiya va Ispaniyada golf klublari, shuningdek, shaxsiy samolyot borligi aniqlangan.

Foto: RIA Novosti

Aleksey Navalniy jamoasi 6 oktyabr, payshanba kuni Rossiya bosh vazirining mamlakatdagi ijtimoiy siyosat bo‘yicha o‘rinbosari Tatyana Golikova oilasining mol-mulki bo‘yicha tekshiruvni e’lon qildi. Muxolifat vakillarining so‘zlariga ko‘ra, amaldor va yaqin qarindoshlarining mol-mulki kamida 50 milliard rublga baholanmoqda.

«Tatyana Golikovaning shaxsiy boyligi Sverdlovsk oblastining sog‘liqni saqlashga qaratilgan barcha xarajatlaridan ko‘proq, bu butun Kaluga oblasti tibbiyoti uchun besh yillik budjetdir», - deydi surishtiruv mualliflari.

Navalniy jamoasiga ko‘ra, Golikovalar oilasida samolyot, Ispaniyada golf klubi va Rossiyada uchta golf klubi, Ispaniya va Portugaliyada bir nechta villalar, Moviy qirg‘oq va Rossiyada ko‘chmas mulk, shuningdek, farmatsevtika kompaniyalaridagi ulushlar bor.

Xususan, surishtiruvda aytilishicha, Golikovalar oilasi Rossiyada ishlab chiqilgan Sputnik V koronavirusga qarshi vaksinasidan pul ishlab, ushbu dorining eng yirik ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Generium kompaniyasida ulushga ega. Bundan tashqari, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosarining o‘gay o‘g‘li, sobiq bosh vazir o‘rinbosari Viktor Xristenkoning o‘g‘li Vladimir Kipr firmalari orqali Nanolek kompaniyasiga egalik qiladi, ularning vaksinalari, Navalniy tarafdorlariga ko‘ra, milliy profilaktik emlash kalendariga kiritilgan. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi (KKJ) tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv natijalariga ko‘ra, Tatyana Golikova Moskva oblastidagi 1800 kvadrat metrlik uyda istiqomat qiladi. Uning qiymati yarim milliard rublga baholanmoqda. Hududda, jumladan, 430 kvadrat metr maydonga ega xizmatkor uyi, garaj, kaskadli suv havzalari va sharsharalar mavjud. Rasmiy ravishda, surishtiruvchilarga ko‘ra, uy Golikovaning turmush o‘rtog‘i Viktor Xristenkoga tegishli.

Navalniy jamoasining bildirishicha, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosarining 32 million dollarlik shaxsiy Bombardiyer Bombardier Challenger 600 samolyoti ham bor. Uning eri Rossiyada uchta golf klubiga ega (Moskva oblastida va Sankt-Peterburg yaqinida). Golikovalar oilasiga tegishli ekani aniqlangan yana bir golf klubi Ispaniyada joylashgan. Uning hududida, boshqa narsalar qatorida, villa bor, yana beshta villa qurilmoqda. Ispaniyada Rossiya bosh vaziri o‘rinbosarining oilasi 18 million yevrolik boshqa villaga ham egalik qiladi. Bundan tashqari, surishtiruvda aytilishicha, uning oilasi Portugaliyada ikkita villaga ega.

Navalniy jamoasi Tatyana Golikovani mamlakatdagi eng nufuzli amaldorlardan biri deb ataydi. «Biz Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi sifatida Golikovani zudlik bilan sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishni talab qilamiz», - deydi surishtiruv mualliflari.

Mavzuga oid