«Yadro qurolini qo‘llashning bevosita tahdidi»
Nyu-Yorkda Demokratik partiya a’zolari tomonidan tashkil etilgan mablag‘ yig‘ish tadbiri vaqtida chiqish qilgan Bayden rossiyaliklar prezidenti Putinni yaxshi bilishi va u «taktik yadro qurollari, biologik yoki kimyoviy qurollardan foydalanish ehtimoli haqida gapirganda hazillashmasligi»ni aytdi.
«Biz Kennedi va Kuba raketa inqirozidan beri «armageddon» istiqboli bilan to‘qnashmagandik», - degan Bayden va Putin tomonidan real tahdid yuzaga kelgani, chunki «uning qurolli kuchlari, aytish mumkinki, ortda qolayotgani»ni qo‘shimcha qilgan.
«Kubadagi raketa inqirozidan keyin birinchi marta, agar hammasi shu yo‘nalishda rivojlanishda davom etsa, bizda yadroviy qurol bilan bevosita tahdid bor», — deya AQSh prezidentidan iqtibos keltirgan Reuters agentligi.
Amerika prezidenti taktik yadro qurolini osonlik bilan ishlatish va hech qanday oqibatga duch kelmaslik ehtimoli deyarli yo‘q ekanini ta’kidlagan.
Uning ta’kidlashicha, Vashington diplomatik yechimni qidirmoqda. «Biz Putin uchun qanday chiqish yo‘li borligini tushunishga harakat qilmoqdamiz. U nafaqat obro‘sini yo‘qotmaslik, balki Rossiyada sezilarli qudratini yo‘qotmaslik uchun shunday holatga tushishi mumkin», — dedi Oq uy rahbari.
Rossiya armiyasi yadro arsenalini g‘arbning yuqori texnologiyali qurollariga qarshi turishi mumkin bo‘lgan asosiy jihat sifatida ko‘radi.
Uni qo‘llashning eng muhim omili dushmanga psixologik ta’sir ko‘rsatish, ya’ni ehtimoliy tajovuz to‘xtatilgunga va «Rossiyani qoniqtiradigan shartlarda» tinchlik sulhi tuzilgunga qadar eskalatsiya darajasini oshirishga tayyorligini namoyish etish hisoblanadi.
1962 yilgi Karib inqirozi - AQSh va SSSR o‘rtasida yuzaga kelgan siyosiy, diplomatik va harbiy qarama-qarshilikning nomi. Bunga sovetlar Kubaga yadro quroli joylashtirgani sabab bo‘lgan. O‘shanda tomonlar yadro qurolini qo‘llashiga bir baxya qolgandi. Vaziyat sovetlar ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy komiteti birinchi kotibi Nikita Xrushchev va AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Jon Kennedi o‘rtasidagi suhbat orqali hal qilingan.
Bugun 70 yoshga to‘lgan Putin Rossiya hududiy yaxlitligini saqlash uchun «barcha mavjud vositalarni ishga solishga tayyorligi» haqida aytgan. U bu haqda 21 sentabr kuni, mamlakatda safarbarlik e’lon qilish chog‘ida aytgan, shu bilan birga, «yadro quroli» jumlasini ishlatmagan. «Bu blef emas», deya qayd etgandi u kameraga yuzlanib.
30 sentabr kuni Kremlda Ukrainaning bosib olingan to‘rt hududini Rossiya tarkibiga qo‘shib olish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi, 5 oktyabr kuni esa Putin ularning annexiasi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunlarni imzoladi.










