So‘nggi haftalarda frontdagi vaziyat tez o‘zgarmoqda va Rossiya tomoni uchun doimiy ravishda yomonlashmoqda. Ukraina kuchlari allaqachon katta hududlarni ishg‘oldan ozod qilgan va to‘xtashni rejalashtirmayapti. Bunga javoban Vladimir Putin va Rossiya rasmiylari yo yadroviy zarba berish kerakligiga shama qilmoqda yoki muzokaralar o‘tkazishni taklif qilmoqda (lekin faqat «Rossiya taklif qiladigan shartlar asosida»). «Meduza» harbiy ekspertlar bilan bu vaziyat nimaga olib kelishi mumkinligi haqida suhbatlashdi.

Rossiya qandaydir tarzda Ukraina hujumini to‘xtata oladimi?

Kirill Mixaylov, Conflict Intelligence Team (CIT) tadqiqot guruhi a’zosi: Xerson viloyatida rossiyaliklarning hali jiddiy janglarda qatnashmagan zaxiralari va desantchilari bor. Nazariy jihatdan, bu zaxiralarning jangga yuborilishi qarshi hujumni to‘xtatishi mumkin. Ammo agar ular Liman yaqinidagi kabi tarqoq harakat qilsa, bu rus qismlari uchun ayanchli yakunlanishi mumkin.

Shimoli-sharqiy yo‘nalishda vaziyat bundan ham yomonroq, garchi janglar Rossiya ta’minot bazalariga yaqinroqda kechayotgan bo‘lsa ham. U yerda rus qo‘shinlari janglardan sillasi qurigan va zaxiralar Xersonga ko‘chirilgandan keyin zaiflashib qolgan. Amaldagi kuchlardan u yerda 1-tank armiyasi va 20-umumqo‘shin armiyasi qolgan, ammo ular Izyum yo‘nalishidan chekingan paytda tashkilotchilik va texnika borasida ko‘p yo‘qotishlarga uchragan, shuningdek, Liman, Kupyansk yaqinidagi qarshi hujumlardan so‘ng jangovar qobiliyatining bir qismidan ayrilgan.

Hozirda safarbar qilinganlarning aksariyati Luhansk viloyatiga tashlanmoqda. Ular allaqachon asirga tushishni boshlab yuborgan. Demak, u yerda ham Rossiya armiyasi jiddiy muammolarga duch kelyapti.

Igor Kurtukov, harbiy tarixchi: Salohiyat bor, lekin dolzarblik ham bor. Salohiyati jihatidan Rossiya, albatta, Ukrainadan kattaroq. Ya’ni agar Rossiya xuddi Ukraina kabi to‘liq imkoniyatlarini ishga solib, urushda qatnashsa, unda, albatta, ukrainaliklarga juda og‘ir bo‘lar edi.

Safarbar qilinganlarning son jihatdan ustunligi ba’zan qurol-yarog‘lar sonidagi ustunlik bilan qoplanishi mumkin. Masalan, raqibda odam kuchi ikki barobar ko‘p bo‘lsa, bu ustunlikni qurol-yarog‘lar miqdori to‘rt barobar ko‘pligi bilan qoplash mumkin: kvadratik qaramlik. Agar ustunlik uch baravar bo‘lsa, bu xuddi pulemyotga qarshi nayza bilan jang qilishga o‘xshaydi. Bu og‘ir vaziyat.