Nizom moliyaviy operatsiyalar, texnologiyalar va xizmatlar sohasidagi maxsus huquqiy rejimni («tartibga solish qumdoni») joriy etish va bekor qilish, rejim doirasida faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Tartibga solish qumdoni – amaldagi qonunchilik bilan tartibga solinmagan yangi texnologiyalarni tajriba tariqasida sinovdan o‘tkazish uchun joriy etiladigan alohida huquqiy rejim. Unga ko‘ra, alohida bir hududda muayyan muddatga boshqa huquqiy tartib ta’sir qilmaydigan huquqiy rejim yaratiladi.

Hujjatga ko‘ra «tartibga solish qumdoni»ni joriy etish uchun moliyaviy xizmat quyidagi mezonlardan biriga muvofiq bo‘lishi lozim: moliyaviy xizmatning respublika moliyaviy xizmatlar bozori uchun yangiligi; moliyaviy xizmat iste’mol xususiyatlari mavjud xizmatlarga nisbatan yaxshilangani; moliyaviy xizmatni ko‘rsatishga qonunchilikda cheklovlar yoki noaniqliklar mavjudligi.

«Tartibga solish qumdoni»ni joriy etish haqida ariza yangi moliyaviy xizmatni joriy etayotgan O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan yuridik shaxs tomonidan beriladi (banklar, nobank kredit tashkilotlari, to‘lov tizimlari operatorlari, to‘lov tashkilotlari, kredit byurolari, valuta birjalari).

Ariza beruvchi yuridik shaxs quyidagi talablarga javob berishi kerak: qayta tashkil etish va tugatish jarayonida emasligi; bankrot deb topilmagan va unga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik bo‘yicha ish qo‘zg‘atilmagan bo‘lishi; benefitsiar mulkdorlarida, boshqaruv organlari a’zolarida iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar yoki boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar yoki jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in quroli tarqatilishini moliyalashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun tugallanmagan yoxud olib tashlanmagan sudlanganlik holatlari mavjud bo‘lmasligi; benefitsiar mulkdorlari, boshqaruv organlari a’zolari imtiyozli soliq rejimini taqdim etuvchi va (yoki) benefitsiar mulkdor shaxsini oshkor etishni hamda moliyaviy operatsiyalarni o‘tkazishda axborot taqdim etishni nazarda tutmaydigan davlat va hudud rezidenti bo‘lmasligi, shunday davlat va hududda yashamasligi yoki ro‘yxatdan o‘tmagani; moliyaviy moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishga doir cheklovlar qo‘llanilmagani.
 
«Tartibga solish qumdoni»ni joriy etish haqida ariza 40 ish kun ichida ko‘rib chiqiladi, natijasi bo‘yicha uni joriy etish yoki joriy etishni rad etish haqida qaror qabul qilinadi. Arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im undirilmaydi.