Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining yetmish birinchi sessiyasida “Toshkent shahrining ko‘chalarida transport vositalarining yuqori tezligini soatiga 60 kilometrgacha cheklash masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.
Unga muvofiq, Kichik halqa avtomobil yo‘lidan markazga yo‘nalgan barcha ko‘chalarda transport vositalarining yuqori tezligi soatiga 60 km.gacha cheklanadi.
Shu bilan birga, Alisher Navoiy shohko‘chasining Labzak ko‘chasi va Sharof Rashidov shohko‘chasi oralig‘idagi qismida, Maxtumquli ko‘chasining Yahyo G‘ulomov va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari oralig‘idagi qismida, Amir Temur shohko‘chasining KHAYdan Alisher Navoiy shohko‘chasi oralig‘idagi qismida, Kichik halqa avtomobil yo‘lining Qatortol ko‘chasi va Bunyodkor shohko‘chasi oralig‘idagi qismida, Islom Karimov ko‘chasining Anhor bo‘yi ko‘chasi va Sharof Rashidov shohko‘chasi oralig‘idagi qismida, Taras Shevchenko ko‘chasining Islom Karimov va Nukus ko‘chalari oralig‘idagi qismida, Bobur va Furqat ko‘chasining Shota Rustaveli va Islom Karimov ko‘chalari oralig‘idagi qismida, Amir Temur xiyoboni aylanma yo‘lida transport vositalarining harakat tezligi soatiga 50 km.gacha cheklanadi.

Davletov.uz telegram-kanali bordi-yu ushbu chora o‘z samarasini bersa, kelajakda shahardagi barcha ko‘chalarda tezlik pasaytirilishi haqida yozdi.
Eslatib o‘tamiz, xalq deputatlari poytaxt kengashining 16 sentabrdagi sessiyasida Toshkent IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi poytaxtning ayrim ko‘chalarida eng yuqori tezlikni 60 km/soat (hozir 70 km/soat)gacha cheklashni taklif qilgan, ammo deputatlarning bir qismi bunga qarshi chiqqan, boshqalari esa bu chora samaradorligiga shubha bildirgandi. Natijada kengash ushbu masalani ko‘rib chiqishni keyingi sessiyaga qoldirgandi.
Sessiyada ishtirok etgan Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Nosirov shu yilning sakkiz oyida Toshkentda 645 ta YTH sodir bo‘lgani, buning natijasida qurbonlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 720 nafardan 775 nafarga ko‘paygani, barcha baxtsiz hodisalarning qariyb yarmi — 47,9 foizi tezlikni oshirish tufayli sodir bo‘lganini ta’kidlab, o‘limga olib keladigan avariyalar sonini keskin kamaytirish maqsadida Toshkentning ayrim ko‘chalarida tezlikni kamaytirishni ma’qullashni taklif qilgandi.










