Andijon shahridagi “Nodirabegim” madaniyat va istirohat bog‘ida quritib yuborilgan ko‘l (sobiq komsomol ko‘li) qayta tiklanmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beryapti.

“Bu yerda avvallari juda obod maskan bo‘lgan. 3-4 yil oldin bir tadbirkorga berilgan ekan. Tadbirkor tomonidan tashlandiq holatga olib kelib qo‘yilgan. Juda achinarli ahvolda.

Bog‘ hududi 16 gektar. Shundan 6 gektari – ko‘l. Viloyat hokimimizning tashabbusi bilan, hudud oldin qanday bo‘lgan bo‘lsa, shunday holatga keltiriladi. Undan-da zo‘r, odam kelib, madaniy hordiq chiqarib ketadigan maskanga aylantirilyapti. Uzog‘i 2 oyda katta o‘zgarish bo‘ladi”, – dedi Kun.uz bilan suhbatda viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Iqboljon Tohirov.

Uning aytishicha, bog‘ni viloyat hokimligi tasarrufiga o‘tkazish choralari ko‘rilyapti.

Bu ko‘l quritib yuborilganiga o‘tgan oyda jamoatchilik faollari e’tibor qaratgan edi. Xususan, Kun.uz bir paytlar aholining sevimli maskani bo‘lgan hudud abgor holatga keltirib, ko‘l quritilgani haqida yozgandi.

Surishtiruvimizda ma’lum bo‘lgandiki, Andijon shahar hokimining 2016 yil 7 dekabr kungi qaroriga asosan, bog‘ Toshkent shahrida faoliyat olib boruvchi “Green Land Invest” MChJga 10 yil muddatga (kelgusida muddatini uzaytirish sharti bilan) foydalanishga va rekonstruksiya qilishga berilgan.