Qizig‘i, formatlar o‘zgarmagan bo‘lsa-da, bu mavsumda Yevropa Ligasi pley-offlari ancha qiziydigan bo‘lib turibdi. YeChL guruh bosqichi bizga juda ko‘p syurprizlarni taqdim etdi va bir qator top-klublar guruhda 3-o‘rinni olib, Yevropa Ligasiga o‘tish xavfi ostida qolgan. Keling, ancha chigal guruhlardagi vaziyatlarga e’tibor qaratamiz.
BARSeLONA
“Real” qatorasiga 31-marotaba guruh bosqichini muvaffaqiyatli hal qilganidan bir kun o‘tib, “Barselona” qatorasiga ikkinchi bor bahorgi YeChL musiqasidan mosuvo bo‘lmoqda. To‘g‘ri, juda kichik bo‘lsa-da, imkoniyat saqlanib qolgan, ammo “Kam Nou”da “Inter”ni yutmasdan turib, pley-offdan umid qilish mo‘jizani istash bilan teng ekanini jamoaning o‘zi ham sezdi chog‘i, o‘yin chinakam pley-off bahsiga aylanib ketdi.
5-tur oldidan “Barselona” “Inter”dan 3 ochko kam jamg‘argan. Muhim nuqta – ochkolar teng bo‘lib qolgan taqdirda, o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik (1:0, 3:3) tufayli “Inter” guruhda yuqorida joylashadi. Har ikki jamoada ikkitadan o‘yin qolgan – “Viktoriya” va “Bavariya”ga qarshi. Demak ko‘rinib turibdiki, vaziyat faqat “Bavariya” bilan o‘yinlarga bog‘lanib qolmagan. Agar keyingi turda “Inter” o‘z maydonida “Viktoriya” ustidan g‘alaba qozonsa, tamom, “Barselona” bilan oradagi 3 ochkolik masofa saqlanib qolinadi. So‘nggi turda qanday natijalar qayd etilishidan qat’i nazar “Barselona” italiyaliklarni quvib o‘ta olmaydi.
Endi, “Barselona” keyingi bosqichga chiqishi har ikki o‘yinida g‘alaba qozonishi, shu bilan birga “Inter”ning qolgan 2 o‘yinda 3 ochko olmasligidan umid qilishi lozim bo‘ladi. Kecha o‘zaro o‘yinda g‘alabani qo‘ldan chiqargan Xavi shogirdlari nomi “g‘alaba” ma’nosini beruvchi chex klubiga barcha umidni bog‘lashga majbur bo‘lib qolishdi.

YuVeNTUS
Turinliklar nihoyat Allegrini iste’foga chiqarishi kutilgandi, lekin “Makkabi”dan mag‘lubiyatdan so‘ng ham YeChL guruh bosqichidan o‘tish uchun matematik imkoniyat saqlanib qolgani tufaylidir balki, sabr qilishmoqda. Imkoniyat esa, rostdan ham faqat matematik.

H guruhini “PSJ” va “Benfika” 8 tadan ochko to‘plab boshqarishmoqda. “Yuventus”da esa, atigi 3 ochko bor. Keyingi ikki turda “Yuventus” “Benfika” bilan safarda va “PSJ” bilan o‘z maydonida o‘ynaydi. Turinliklar har ikki o‘yinda o‘z foydasiga hal qilishi va yo “PSJ” yoki “Benfika”ning “Makkabi” bilan o‘yinda qoqilishini kutishi lozim bo‘ladi. O‘zaro o‘yinlarda “Yuventus” har ikki raqibiga ham 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan. Demak o‘zaro o‘yinlarda ustunlik ta’minlash uchun albatta, kattaroq hisoblarda yutishiga to‘g‘ri keladi ham. Aks holda, “PSJ” yoki “Benfika” “Makkabi” bilan ochko yo‘qotgan (durang) taqdirda ham, to‘plar nisbatiga ko‘ra, “Yuventus”dan yuqorida joylashishi mumkin. Xullas, “joy yo‘q”, deb qo‘ya qolgan yaxshi, to‘g‘rimi?


























