Jahon | 13:33 / 14.10.2022
7934
3 daqiqa o‘qiladi

Assanjning yaqinlari Germaniya hukumatidan yordam so‘radi

WikiLeaks portali asoschisining otasi va rafiqasi Germaniya rasmiylarini uning ozod etilishiga yordam berishga chaqirdi. Berlin kinofestivalida Assanjning qamoqqa olinishi haqidagi film namoyish etildi.

Foto: Reuters

WikiLeaks asoschisi Julian Assanjning yaqinlari Germaniya hukumatidan uning ozod etilishiga ko‘maklashishni so‘radi. «Biz Germaniya hukumati, birinchi navbatda AQSh va Buyuk Britaniya bilan aloqada bo‘lgan tashqi ishlar vaziri, shuningdek, kansler bilan hamkorlik qilishini va Julianning ishini yakunlashini kutamiz va so‘raymiz», dedi Assanjning otasi Jon Shipton 13 oktyabr, payshanba kuni Berlinda. Uning ta’kidlashicha, avvalroq Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bu masalada qo‘llab-quvvatlagan. 

WikiLeaks asoschisining otasi va rafiqasi Stella Assanj Berlindagi Human Righs Film Festival kinofestivaliga tashrif buyurishdi. Ochilish marosimida ularning birgalikdagi kurashi haqidagi «Ithaka» hujjatli filmi namoyish etildi. 

Stella Assanj Germaniya hukumatini «Julianning ozod etilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga» chaqirdi. Bunday usullardan biri WikiLeaks yaratuvchisiga Andrey Saxarov mukofotini berishdir. «Keyingi haftada bu juda muhim bo‘lardi», dedi u dpa agentligiga bergan intervyusida (Assanj Yevroparlament tomonidan beriladigan Saxarov mukofotiga nomzodlar orasida uch finalchidan biriga aylandi. G‘olib 19 oktyabr kuni e’lon qilinishi kerak). Stella Assanj, shuningdek, erining ishini AQSh ma’muriyati bilan muhokama qilishga chaqirdi. 

Qo‘shma Shtatlarda WikiLeaks yaratuvchisi 18 ta bandda, jumladan, maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash, josuslik va kompyuter tarmoqlariga buzib kirishga qaratilgan fitnada ayblanmoqda. Agar aybi isbotlansa, u 175 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. 

Yetti yil davomida - 2012 yildan 2019 yilgacha - Assanj zo‘rlashda ayblangan Shvetsiyaga ekstraditsiya qilinmaslik uchun unga boshpana bergan Buyuk Britaniyadagi Ekvador elchixonasida yashiringan. WikiLeaks asoschisi aybiga iqror bo‘lmay, Shvetsiya rasmiylari tomonidan ta’qib qilinishidan asl maqsad - uni AQShga ekstraditsiya qilish ekanini aytdi. Dpa agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalist Ekvador elchixonasida bo‘lganida o‘ziga yaqin bo‘lgan advokat Stella Morris bilan shu yilning mart oyida Londonning Belmarsh qattiq tartibli qamoqxonasida turmush qurgan. Er-xotinning ikki farzandi bor.  

2019 yil aprel oyida Britaniya sudi Wikileaks asoschisini 2012 yilgi sud majlisiga kelmaganlikda aybladi. Ekvador hukumati Britaniya politsiyasiga elchixonaga kirib, Assanjni hibsga olishga ruxsat berdi. Keyinchalik London Oliy sudi AQShning uning ekstraditsiyasini taqiqlash bo‘yicha shikoyatini qanoatlantirdi. Iyun oyida Britaniya rasmiylari Julian Assanjni AQShga topshirishga buyruq bergan edi. 

Mavzuga oid