13:53 / 14.10.2022
7558

Belarusda aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etildi

Belarus Ichki ishlar vazirligi rahbari Makeyning aytishicha, «qo‘shni davlatlar tomonidan Belarusga qarshi provokatsiyalar» tayyorlanayotgani haqida ma’lumot bor. ATO rejimi huquqni muhofaza qilish organlariga keng vakolatlar beradi.

Foto: Belarus qurolli kuchlari

Belarusda huquq-tartibot idoralariga keng vakolatlar, jumladan, fuqaroning shaxsini aniqlash uchun qo‘lga olish, harakatlanishni taqiqlash, telefon suhbatlarini tinglash, har qanday aloqani nazorat qilish va har qanday binolarga to‘siqsiz kirish kabi huquqlar beruvchi aksilterror operatsiyasi (ATO) rejimi joriy etildi. «Mamlakatimiz rahbari huquq-tartibot idoralari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi, aksilterror operatsiyasi tartibi joriy etildi», — dedi Belarus ichki ishlar vaziri Vladimir Makey 14 oktyabr, juma kuni chop etilgan «Izvestiya» gazetasiga bergan intervyusida.

Makeyning tushuntirishicha, «ba’zi qo‘shni davlatlar Belarus hududining ma’lum qismlarini egallab olish bilan bog‘liq provokatsiyalarni» rejalashtirayotgani haqida ma’lumotlar mavjud.

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko 4 oktyabr kuni Polsha va Litva Belarus chegaralari yaqinida harbiy kuchlarini to‘playotganini aytdi. Bir hafta o‘tgach, Minskdagi Mudofaa vazirligi Belarusda mamlakat qurolli kuchlarini tekshirish boshlanganini e’lon qildi, shu bilan birga, ko‘rilgan choralar «tajovuzkorga jiddiy zarar yetkazishga tayyorligini ko‘rsatishi» alohida ta’kidlangan.

Shu hafta Belarus hududidagi keng ko‘lamli harbiy harakatlar Ukraina va G‘arbning e’tiborini tortdi, ular Belarusda sodir bo‘layotgan voqealar Lukashenkoning Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z armiyasini taqdim etishga tayyor ekanligidan dalolat berishi mumkin, deb hisoblaydi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

10 oktyabr kuni Lukashenko Belarus qo‘shinlariga «Kiyev va uning G‘arbdagi ittifoqchilari tomonidan Belarusga aniq tahdid paydo bo‘lgani»ga javoban Ukraina bilan chegara yaqinida rus askarlari bilan birga joylashishni buyurdi. 

Mavzuga oid
Top