Jahon | 15:57 / 15.10.2022
5651
3 daqiqa o‘qiladi

Rosgvardiya Rossiyada o‘t qo‘yish holatlari sababli harbiy komissarliklarni qo‘riqlashni kuchaytirdi

Rossiya gvardiyasi Rossiya shaharlarida harbiy komissarliklarni qo‘riqlash xodimlari shtatini ushbu binolarga o‘t qo‘yishga urinishlar soni ortishi munosabati bilan oshirdi. Bu haqda RF davlat dumasi deputati Aleksandr Xinshteyn xabar berdi. 

Foto: IZVeSTIYa

«Bir qator shaharlarda, jumladan, Moskvada, harbiy komissarliklar binolari yaqinida Rosgvardiya ixtisoslashtirilgan qo‘riqlash xizmatining qo‘lga olish guruhlari joylashtirildi. Bundan tashqari, ular butun mamlakat bo‘ylab ichki ishlar ekipajlari patrul yo‘nalishlariga kiritilgan», dedi siyosatchi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, «hujum qilmoqchi bo‘lgan fuqarolarni ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olish holatlari kuzatilgan».

O‘z navbatida, Primore o‘lkasida Partizan shahar okrugi harbiy komissari Roman Malik o‘lik holda topildi. O‘lim haqida tuman ma’muriyati xabar berdi, rasmiy sabab - yurak to‘xtab qolishi. 

Shu bilan birga, Amur Mash Telegram-kanali Malikning jasadi kechqurun shahar ko‘chalaridan biridagi panjara yonidan topilganini yozmoqda. Kanal ma’lumotlariga ko‘ra, politsiya qotillik va o‘z joniga qasd qilishni versiya sifatida ko‘rib chiqmoqda. 

Bundan oldin Rossiya prezidenti Vladimir Putin juma kuni Ostonadagi matbuot anjumanida RFda safarbarlik «taxminan» ikki haftadan keyin yakunlanishini ma’lum qilgandi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, 300 ming kishidan 222 ming nafari safarbar qilingan. «Bu ish hozirgi paytda yakunlanmoqda. Taxminan ikki hafta ichida barcha safarbarlik tadbirlari yakunlanadi deb o‘ylayman», - deya Putinning so‘zlaridan iqtibos keltirgan TASS axborot agentligi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 sentabr kuni «qisman safarbarlik» e’lon qilib, «ayrim toifadagi fuqarolar»dan 300 ming kishini chaqiriqqa jalb qilishga va’da berdi. Aslida, safarbarlik ommaviy bo‘lib chiqdi va ko‘plab qonunbuzarliklar bilan amalga oshirilmoqda. Ko‘p odamlar undan qochishga harakat qilishyapti. 

Jurnalistlarning ma’lumotlariga ko‘ra, dastlabki ikki haftaning o‘zida 53 ta mintaqadan 200 mingdan ortiq kishi frontga jo‘natilgan. Rossiya hukumati Ukrainada safarbar qilingan besh kishi allaqachon halok bo‘lganini tan oldi. Yig‘in punktlarida 20 ga yaqin odam hayotdan ko‘z yumdi. 

Mavzuga oid