O‘zbekiston | 13:53 / 15.10.2022
33319
3 daqiqa o‘qiladi

YTH oqibatida besh kishi vafot etdi: tungi chiroqlar esa bir kun o‘tib yondi

2022 yil 13 oktyabr kuni M-37A Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi aylanma avtomobil yo‘lining Samarqand shahri hududidan o‘tgan qismida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi va oqibatda besh kishi vafot etdi. Fojiadan bir kun o‘tib esa ogohlantirish belgilari qo‘yildi, tungi chiroqlar yoritildi.

Samarqand viloyati IIB bergan ma’lumotga ko‘ra, 30 yoshli fuqaro J.Murotov Lacetti boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishlarini ajratib turgan metall to‘siqqa borib urilgan. Natijada, haydovchining o‘zi hamda to‘rt nafar yo‘lovchi voqea joyida vafot etgan.

Kun.uz muxbiri voqea joyidan reportaj tayyorladi.

 

Biz ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rgan videotasvirlarda yo‘lni ikkiga ajratib turuvchi temir to‘siq mashinaning o‘rtasidan teshib o‘tganiga guvoh bo‘ldik. Voqea joyida bo‘lganimizda, temir to‘siq qurilishi davom etayotgani va negadir qariyb 700-800 metr joy tashlab ketilgani e’tiborimizni tortdi. Bu holat tabiiyki, harakatlanib borayotgan haydovchiga yo‘lning qolgan qismida ham temir to‘siqlar yo‘q, degan taxminni bergan. Shu sababli u yo‘lning o‘rtaroq qismida harakatlangan. Qolaversa, katta ehtimol bilan o‘sha kuni ko‘cha yoritilmagani sababli ushbu fojia sodir bo‘lgan.

IIB axborot xizmati ta’kidlaganidek, haydovchining tezligi yuqoriligi ham voqeaning noxush holatda yakun topishiga sabab bo‘lgan.

Ushbu yo‘nalishda temir to‘siqlar o‘rnatilganiga, yo‘l ta’mirlanganiga hali uncha ko‘p vaqt bo‘lmadi. Shu sababli yo‘l belgilari hali to‘liq o‘rnatilgan emas. Avtomobillarning yo‘lda qayrilib olishi yoki tezlik va taqiqlar bilan bog‘liq belgilarga ko‘zingiz tushmaydi.

14 oktyabr kuni soat 18.00 da ushbu yo‘nalishda tungi chiroqlar yondi. Guvohlarning aytishicha, fojia sodir bo‘lgan kunda tungi chiroqlar ishlamagan. Samarqand viloyati IIB tomonidan tayyorlangan lavhada ham buning tasdig‘ini ko‘rishimiz mumkin.

 

Bundan tashqari, fojia sodir bo‘lganidan bir kun o‘tib yo‘lda hali qurilish davom etayotgani yoki xavfni oldindan bilish imkonini beruvchi to‘siqlar qo‘yilganiga guvoh bo‘ldik. Katta ehtimol bilan temir to‘siq o‘rnatilmagan 800 metr masofada yo‘lni ikkiga ayirib turuvchi oq chiziq ham fojiadan keyin chizilgan bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Joriy yilning 15 avgust kuni Muborak tumani hududidan o‘tgan yo‘lda sodir bo‘lgan YTHda ham sakkiz kishi halok bo‘lgandi. Yo‘lning o‘ydim-chuqur qismi esa bir kun o‘tib ta’mirlab qo‘yilgandi.

Mavzuga oid