Jahon chempionatiga bir oy qolganda uning superyulduzlaridan biri korrupsiyada ayblanib, sud mahkamasiga tortiladi. 17 oktyabr kuni Barselona shahrida Neymarning «Santos»dan «Barselona»ga shov-shuvli transferi atrofidagi mojaro bilan bog‘liq yakuniy sud jarayoni boshlanadi.
DIS futbol sarmoya fondi va Braziliya professional sportchilar uyushmasi (FAAP) Neymar uchun 5 yillik qamoq jazosi, xuddi shu muddatga diskvalifikatsiya va 149 mln yevro miqdorida jarima so‘ramoqda.
Ispaniya prokuraturasi futbolchi uchun 2 yillik qamoq va 10 mln yevro jarima, shuningdek, onasi uchun 1 yillik, otasi uchun 2 yillik qamoq jazosini talab qilmoqda (DIS har biriga 5 yil so‘ragan).
Ayblanuvchilar ro‘yxatida «Barsa»ning sobiq xo‘jayinlari ham bor – Sandro Rosel va Jozep Bartomeu (o‘sha paytda «Barsa» klubi prezidenti va vitse-prezidenti) uchun DIS 5 yillik qamoq, 7 yillik diskvalifikatsiya va 195 mln yevro miqdorida jarima so‘ralgan.
Ispaniya prokurorlari sal «rahmdilroq», ular faqat Roselni «korrupsiya va firibgarlik»da ayblab, 5 yillik qamoq va 10 mln yevro jarima so‘rashyapti. Shuningdek, «Santos»ning sobiq prezidenti Odilio Rodriges uchun ham 3 yillik qamoqni talab qilishmoqda.
«Santos» va «Barselona» klublariga firibgarlikda ishtirok etgani uchun 7 va 8,4 mln yevro miqdorida jarima, shuningdek, DIS foydasiga 3,2 mln yevro tovon to‘lashi xavf solmoqda.
Neymarning transferi qanday amalga oshirilgandi?
Neymar 2013 yilning may oyida 57 mln yevro evaziga «Santos»dan «Barselona»ga o‘tgandi. Har holda Kataloniya klubi aynan shu raqamlarni e’lon qilgan.
Asosiy masala – bu pullarning manfaatdor tomonlar o‘rtasida taqsimlanishi.

Gap shundaki, 2009 yilda Neymar transfer huquqining 40 foizi Braziliyaning DIS investitsiya jamg‘armasiga (aka-uka Delsir va Idi Sonda tomonidan asos solingan) sotilgan.
2011 yilda Neymar «Santos» bilan 2014 yil yozigacha mo‘ljallangan yangi shartnomani imzolaydi (avvalgi shartnomaga nisbatan muddati 1 yilga qisqartiriladi). Uning tovon puli 65 mln yevro qilib belgilandi. Biroq, unga boshqa klublar bilan muzokara olib borishga ruxsat beriladi.
Shu zahoti «Barselona» paydo bo‘ladi va Sandro Rosel yosh yulduzni 2014 yilda erkin agent sifatida qo‘lga kiritish uchun uning oilasiga 40 mln yevro bonus beradi. Agar Neymar 2014 yilda «Barselona»ga o‘tmasa, 40 mln yevroni qaytarish kerak edi. Futbolchiga 36 mln yevro evaziga 5 yillik shartnoma va’da qilinadi.

















