Portlash Turkiyaning Qora dengiz sohilidagi davlat konida ro‘y berdi. Foto: Getty Images

Portlash juma kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:15 da, Turkiyaning Qora dengiz sohilidagi Bartin provinsiyasi Amasra rayonidagi davlat ko‘mir konida ro‘y bergan.

Mamlakat aholisi uchun bu shu kabi boshqa falokatlarni yodga solishi bilan ham og‘riqli bo‘ldi, birinchi navbatda 2014 yilgi falokatni - o‘shanda mamlakat g‘arbidagi konda chiqqan yong‘in 300 dan ortiq konchini hayotdan olib ketgandi.

Shanba kuni Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu jurnalistlarni 58 nafar konchi ichkaridan o‘zi chiqib kelgani yoki qutqaruvchilar tomonidan olib chiqilgani, ulardan 11 nafari jarohatlangani haqida xabardor qildi. O‘sha vaqtda halok bo‘lgan konchilar soni 40 nafarni tashkil etayotgan, portlash vaqtida konda ishlayotgan bo‘lgan yana bir kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanayotgandi.

«Amasradagi ko‘mir konida portlash 41 kishini hayotdan olib ketdi. Ushbu favqulodda hodisa har tomonlama o‘rganiladi» - dedi prezident Erdo‘g‘an. O‘z chiqishida hukumat kelgusida bu kabi fojialar ro‘y berishining oldini olish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini qayd etgan.

Qutqaruvchilarga fojia vaqtida konda bo‘lganlarning hamkasblari ham yordam ko‘rsatishdi. Foto: EPA

Qutqaruv amaliyoti portlashdan ko‘p o‘tmay boshlangan. Yaralanganlarga favqulodda yordam ko‘rsatish uchun aviatsiya ishga solingan.

Qutqaruv brigadalari yuzlab metr chuqurlikka tushib, xarobalar orasidan omon qolganlarni topish uchun tun bo‘yi ishlagan.

Konchilarning yaqinlari intiqlik bilan ichkaridan xabar kutishdi. Foto: EPA

Voqea joyida olingan videokadrlarda qutqaruvchilar yuzi qorayib ketgan konchilarni yuqoriga qanday olib chiqayotgani, konchilarning oila a’zolari va yaqinlari shu atrofda xavotir bilan yangilik kutib turgani aks etgan.

Metan portlashi ehtimoli

Soyluning ma’lumotiga ko‘ra, portlash 300 metr chuqurlikda ro‘y bergan. Bu chuqurlikda 49 kishi ishlagan bo‘lishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu vaqtda konda jami 110 nafarga yaqin kishi bo‘lgan.