Magic City'da joylashgan “Chaman armenian food” restorani ish yurituvchisi va mijoz o‘rtasidagi yozishma muhokamalarga sabab bo‘ldi. Unda restoranning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini yurituvchi shaxs mahalliychilikka yo‘l qo‘ygani aks etgan.
“Biz minimal buyurtmalarni qabul qila olmaymiz. Chunki ijaraga beruvchilarning shartlari asosida ishlaymiz va kafe formatida ishlamaymiz. Bu restoran va bu yerda hamma narsa qimmat. Agar biz bu tizimni bekor qiladigan bo‘lsak, siz qashqadaryoliklar bilan qo‘shni stolda o‘tirishingizga to‘g‘ri keladi. Afsuski, bu biz uchun foyda keltirmaydi”, deb ta’kidlaydi restoran ish yurituvchisi mijoz bilan yozishmasida.
Mijozning: “Qashqadaryoliklarga nima qilibdi?” degan savoliga javoban u: “Bu odamlar restoran uchun emas” deb yozgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Bu yozishma internetda tarqalgach, qizg‘in muhokamaga va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining noroziligiga uchradi. Tarmoqda restoranni boykot qilish, mahalliychilikka yo‘l qo‘ygan shaxslarni javobgarlikka tortishga chaqiriqlar paydo bo‘ldi. Shundan keyin jarayonga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar aralashdi.
Chilonzor tumani IIO FMB o‘tkazgan tekshiruvda restoran xodimi mahalliychilikka yo‘l qo‘ygani tasdiqlangan. Restoran boshqaruvchisi Bagran Xudayan ichki ishlar organiga chaqirilib, undan ro‘y bergan holat bo‘yicha izoh olingan. Mas’ul shaxs o‘z tushuntirishida xatoga yo‘l qo‘yilganini tan olgan.

“Egilgan boshni qilich kesmaydi. Chunki biz xato qilganmiz. Noto‘g‘ri gap bizdan chiqdi. 30 yildan beri shu yerda yashayman. Shu yerning suvini ichib, nonini yeb kelaman, bularning barchasi uchun rahmat deyman. Mana shu restoranda bir yildan beri ishlayapmiz. Har xil viloyatlardan mijozlarimiz bor, kelganlarning hammasi bizdan xursand bo‘lib ketgan. Bunaqa gapni bu kungacha hech kim eshitmagandi. O‘zbek xalqidan ming bor uzr so‘rayman. Bu men uchun saboq bo‘ldi”,




















