O‘zbekiston | 13:08 / 21.10.2022
8626
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda dam olish kunlari kutilayotgan ob-havo ma’lum qilindi

Bugun O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo kam bulutli va biroz iliq bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzi havo harorati 23-25 daraja issiqqacha ko‘tariladi, bu - me’yordan biroz yuqori.

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, ertaga respublika hududining katta qismiga Turkmaniston hududlaridan iliq havo massasi kirib kelishi kutilmoqda. O‘zbekiston bo‘yicha quruq ob-havo bo‘ladi, harorat foni yana ko‘tariladi va kechasi 7-12 daraja iliqni tashkil etadi, kunduzi havo 25-27 daraja issiqqacha, janubda 29 daraja issiqqacha ko‘tariladi, bu - me’yordan biroz yuqori.

Respublika shimoliga esa Volgabo‘yi hududlaridan antitsiklon kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida va kechga tomon Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi, buning hisobiga ushbu hududlar bo‘yicha kunduzi havo harorati 13-15 daraja iliqqacha pasayadi.

Yakshanba kuni respublika hududining katta qismida havo bulutli bo‘ladi, ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, tog‘oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanadi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Bunday ob-havoni antitsiklon belgilaydi va respublikaning barcha hududlari uning ta’siri ostida bo‘ladi. Havo harorati kechasi 9-14 daraja iliq bo‘ladi, kunduzi 12-15 daraja iliqqacha pasayadi, bu ushbu kunning o‘rtacha iqlimiy me’yoridan 8-10 darajaga pastdir.

21-22 oktyabr kunlari shimolda va cho‘l hududlarda, 23 oktyabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid