O‘zbekiston | 12:20 / 21.10.2022
5523
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: “Maslahat uchrashuvlari doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldik”

“Biz Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasidagi mintaqaviy hamkorlikni bundan buyon ham mustahkamlashga kelishib oldik”, – dedi Shavkat Mirziyoyev Ashxoboddagi muzokaralardan keyin. O‘zbekiston yetakchisi mintaqada suv resurslaridan oqilona foydalanish uchun konstruktiv muloqotni davom ettirish muhimligini ta’kidladi.

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

Ashxobodda kechgan O‘zbekiston–Turkmaniston oliy darajadagi muzokaralari yakunida ikki davlat rahbarlari brifing o‘tkazdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va u orqali qardosh turkman xalqiga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Turkmanistonda Berdimuhamedov yuritayotgan siyosat tufayli erishilayotgan yutuqlardan O‘zbekiston xursand ekani ta’kidlandi. Bu yangilanishlarning asoschisi Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ekani qayd etildi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlariga mutlaqo yangi ruh bag‘ishlangani va ikki tomonlama hamkorlik strategik tus olganiga e’tibor qaratildi. “Turkmaniston bilan sheriklikni yanada mustahkamlash – O‘zbekiston tashqi siyosatining o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev

Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishni sheriklikning asosi deb belgilab oldi. Bugun, 21 oktyabr kuni zamonaviy infratuzilmaga ega Chegaraoldi savdo zonasi qurilishi boshlanadi. “Bu tovar ayirboshlashning oshishi, biznes aloqalarining kengayishi, mamlakatlarimiz hududlarida yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi”, – dedi O‘zbekiston prezidenti.

Bundan tashqari, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalarida loyihalarni amalga oshirish orqali kooperatsiya aloqalarini faol rivojlantirishga kelishib olindi.

Suvdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy tusdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish borasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan oqilona foydalanish uchun konstruktiv muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini keng nishonlash maqsadida kelgusi yilda ikki tomonlama Madaniyat va kino kunlari, festivallar va boshqa tadbirlarni o‘tkazishga kelishib olindi.

Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan Toshkent va Ashxobodning pozitsiyalari mushtarak ekani qayd etildi. BMT, YeXHT, MDH, ShHT, TDT, OQXF va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol hamkorlik davom ettiriladi.

“Biz Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasidagi mintaqaviy hamkorlikni bundan buyon ham mustahkamlashga kelishib oldik”, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Davlat rahbarlari Afg‘onistonda vaziyatni tez fursatda barqarorlashtirish va muhim infratuzilma loyihalarini ilgari surishga qaratilgan sa’y-harakatlarni kengaytirishga ahdlashib oldi.

O‘z bayonotining yakunida Shavkat Mirziyoyev sermahsul muzokaralarning natijalari O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik har tomonlama mustahkamlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Mavzuga oid