Belgorod, 2022 yil iyul oyi. Foto: YEVGENY SILANTIEV/TASS

Ukraina shaharlariga ommaviy raketa zarbalari berishning yangi to‘lqini boshlanishi ortidan Rossiyaning chegaraga yaqin hududlarida favqulodda vaziyatlar muntazam ravishda sodir bo‘lmoqda: portlashlar, yong‘inlar... havo mudofaasi faol ishlamoqda. Mahalliy hokimiyat Ukraina qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutilayotganini aytadi, Ukraina hukumati aksariyat hollarda mojaroda Rossiyaning o‘zi aybdorligini ta’kidlaydi.

Ukraina Rossiya hududiga muntazam zarba berish uchun qanday texnik imkoniyatlarga ega? Ukraina bunday hujumlarni amalga oshirishga qay darajada tayyor? Va umuman olganda, Rossiyaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasida juda faol harbiy harakatlarni o‘tkazish Kiyevning manfaatlariga qanchalik mos keladi?

***

10 oktyabrdan beri Rossiya tomonidan Ukraina hududiga uyushtirilgan ommaviy raketa hujumlari haqidagi xabarlar bilan bir qatorda Rossiyaning chegaradosh hududlari ham tobora faol o‘qqa tutilayotgani haqidagi xabarlar ko‘paydi. Ba’zi hollarda gap havo hujumidan mudofaa tizimi faoliyati haqida ketadi, tizim nimanidir urib tushirgan bo‘ladi. Ukraina rasmiylari ko‘pincha o‘z hududiga, masalan Xarkivga otilgan Rossiya raketalarini urib tushirganini da’vo qiladi.

Xususan, Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak Rossiyaning Belgorod shahridagi turar joy binosiga raketa urilganini quyidagicha izohladi:

«Rossiya Xarkiv tomon raketa uchirdi, biroq nimadir noto‘g‘ri bajarildi va u Belgoroddagi turar joy binosiga tegdi. Tergov bo‘ladimi? Yoki kimdir jazolanadimi? Yo‘q. Putinga kimni o‘ldirishning farqi yo‘q: ukrainlarni yoki ruslarni. Targ‘ibotchilar tezda soxta sabablarni topishadi».

Rossiya rasmiylarining ta’kidlashicha, bu Ukraina qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutishning oqibatlari.

13 oktyabr kuni Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov shahardagi ko‘p qavatli uy raketa urilishi oqibatida vayron bo‘lgani haqida yozdi. Shuningdek, Shebekino shahridagi bojxona posti o‘qqa tutilishi va o‘q-dorilar ombori portlashi haqida xabar berdi.