Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona 24 soat ishlashga tayyorgarlik ko‘rayotgani aytildi
Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev o‘zining Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.
22 oktyabr kuni Twitter foydalanuvchilaridan biri Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayevga Milliy kutubxonani 24/7 soat ishlaydigan qilish taklifini yozib qoldirgan edi.
“Milliy kutubxonadan qaytyapman. @AlisherSZ shu kutubxonani 24/7 ishlaydigan qilib bersangiz juda xursand bo‘lar edik. Ko‘p davlatlarda shunday. Ayniqsa dam kunlari 16:30 dan chiqarib yuborishadi. Kvartirada va yotoqxonada turadiganlar uchun yagona o‘qish joyi shu, iltimos”, – deb yozadi Miss Gatsby nomi ostidagi foydalanuvchi.
Bunga javoban Sa’dullayev tez orada kutubxona tun-u kun ishlaydigan joyga aylanadi degan ma’noda tvit qo‘ygan.
“So‘rovingizga ko‘ra, AOKA va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi rahbariyati bilan bog‘landim. Kutubxona tez orada 24/7 ishlash rejimiga o‘tishini ma’lum qilishdi. Hozir vazirlik va idoralar bilan jarayonni rasmiy yo‘lga qo‘yish ishlari davom etmoqda. Jarayon boshlangan, AOKA va Milliy kutubxona hamma ishlarni amalga oshirishmoqda. Xodimlarning tungi ish vaqti, mehnat tartibi va maosh to‘lash masalasida ekan jarayon. Umid qilamizki, tez orada jarayonni yo‘lga qo‘yib yuborishadi”, – degan agentlik rahbari.
Shuningdek, foydalanuvchilar agentlik rahbariga bu va’da 3-4 yil oldin ham berilgani, lekin bajarilmaganini eslatishgan.
Kutubxonaning axborot kutubxona fondlarini komplektlash xizmati rahbari Nasiba Xoldorova 2019 yilda Kun.uz’ga bergan intervyusida kutubxonaning ishlash vaqtini uzaytirish masalasini birdaniga amalga oshirib bo‘lmasligi, buning uchun avval test rejimida ishlab ko‘rish kerakligini aytgandi.
“Taxminan kuz oylaridan boshlab soat 8:00 dan 21:00 gacha ishlash tartibi joriy etiladi. Bu vaqt mobaynida foydalanuvchilar oqimini kuzatamiz. Shunga qarab xodimlar taqsimlanadi. Tajriba sinovdan muvaffaqiyatli o‘tsa, balki kelajakda kun-u tun tartibga o‘tishimiz mumkin”, – degan edi u.
Ma’lumot uchun, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ishlash tartibi dushanba-juma kunlari ertalabki soat 9:00dan kechki soat 20:00gacha, shanba-yakshanba kunlarida esa soat 9:00dan soat 17:00gacha etib belgilangan.
Mavzuga oid
07:43 / 22.11.2023
Milliy kutubxona yana 24/7 rejimida ishlashga qaytishi kutilmoqda
13:17 / 28.10.2023
“Oylik kam, texnik imkoniyatlar past, tartibsizlik ko‘paydi” – Milliy kutubxona uzluksiz ishlashni nega to‘xtatdi?
20:44 / 27.10.2023
24/7 tartibini tiklash, oshxona va internet muammosi – kitobxonlar Milliy kutubxonadan nima istaydi?
19:16 / 21.10.2023