Ruslan Majidov, Buxoro shahridagi Aslonobod MChJ rahbari:

— 3,5 gektarda Koreya issiqxonasini o‘rnatganman, gazga mo‘ljallangan. 15 avgustda issiqxonaga pomidor ekilgan, hozirgi kunda qizargan. Gazni o‘chirishdan oldin ogohlantirish kerak. 3-4 kun oldin emas – ogohlantirish bunday bo‘lmaydi.

Issiqxonadan taxminan 300 tonna hosil olishni mo‘ljallayapman, bu taxminan 3 mlrd so‘m degani. Shu tobda agar havo sovib ketsa, 5-6 soatda hamma hosilimdan ayrilishim mumkin. Agar biror inson davlatning 100 ming so‘mini “yesa”, darrov qamaladi, bu yerda esa... Gaz bermaslik bilan 3 mlrd mulk havoga uchyapti.

So‘rasam: “Yoningdagi boshqa issiqxonalarning qarzi bor” deyishyapti. Men “svetga” 50 mln so‘m oldindan to‘lov qilib qo‘yganman, nega boshqalarga javob berishim kerak? Hurmatli prezidentimiz Buxoro viloyati uchun, raqamda adashmayotgan bo‘lsam, taxminan 3 ming gektar maydonni issiqxona uchun ajratdi, kim eplasa qursin degandi. Yaxshiyam bugungi kunga kelib 1000-1200 gektar qurildi. Bo‘lmasa, 3 ming gektar issiqxona gazsiz qolardi...

Tegishli tashkilotlar “biz faqat 500 gektarni doimiy xolda gaz bilan ta’minlashimiz mumkin” deyishi kerak emasmidi boshida?

Tadbirkorlarga muqobil yoqilg‘iga o‘tinglar deb topshiriq berishyapti. 2021 yil martda issiqxona qurilishini bitirayotganimda, tumanimizda gaz yo‘q edi. “Sen quraver, avgustgacha gaz beramiz” deyildi. Keyin sentabrga beramiz deyishdi. Hududimizdagi 10-11 issiqxonachilar birlashib, tuman hokimi bilan gaplashganimizda: “Sizlar qo‘rqmay ko‘chatlaringizga buyurtma beraveringlar albatta gaz bo‘ladi” deb va’da bergan edi. Lekin gaz kelmadi. Ko‘chatlarni ekib, 26 kun mobaynida, kuniga 2700-2800 litr solyarka yoqdim... O‘ylab ko‘ring, har kuni 3000 litrgacha solyarkani, bir litrini 5500 so‘mdan olib yoqdim...

75-80 sent turadigan qimmat ko‘chatlar olganman, 400 mln so‘mdan ko‘proq sarflaganman. 65 ming ko‘chat ekilgan. Taxminan 75 tonna solyarka sarfladim.

Solyarka gazga muqobil bo‘lmaydi, chunki 10-15 barobar qimmat.

Issiqxonamiz joylashgan hududda kichkina g‘isht zavodi bor, ko‘mirda ishlaydi. Bu zavodning ustidan aholi har kuni shikoyat yozadi: “Qishlog‘imiz ko‘mir tutuniga to‘lib ketdi”, deb. Atrofdagi 48 gektar issiqxona ko‘mir yoqa boshlasa nima bo‘ladi?..

O‘zimda 40 dan ortiq ishchi doimiy ishlaydi, terim vaqtida 100-120 tagacha yetadi. Shuncha insonning qozoni qaynayapti.