Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqovning gaz ta’minotidan uzilgan issiqxonachilar borasida mas’ullar bilan o‘tkazgan yig‘ilishi audiosi tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, administratsiya rahbari issiqxonalarni gazdan uzib qo‘ygan mas’ullarning harakatini “zo‘ravonlik” deb baholab, bu orqali bor-yo‘g‘i 1,5 foiz gaz iqtisod qilinishi, lekin eksport va ish joylari “o‘ldirilgani”ni ta’kidlagan.
“Toshkentga kelgan kechagi tadbirkorlar hududlardagi gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan umuman ogohlantirishsiz [gazdan uzilgan]… Hozir ulardan so‘rasangiz, ogohlantirganmiz, deydi. Qanday ogohlantirgansizlar: borib ogohlantirib, shartta gazni uzgan. Eng yomoni, ko‘p tadbirkorlarimiz gazning pulini oldindan to‘lab qo‘ygan. Bu haqqoniy va adolatli e’tirozlarni vujudga keltirdi. Yana tadbirkor yomon, kim yaxshi unda? Zo‘ravonlik qilgan pastdagi gazning xodimchasi yaxshimi?
Eng zaif va javob berolmaydigan qatlamni qurbon qilishga ahd qildik. Mayli, 1,5 foiz gazni iqtisod qildik, buning hisobiga eksportni va ish joylarini «o‘ldirdingiz», kreditini to‘lolmay, tadbirkor bankrotga uchraydi. [Keyin] nima qiladi bular? Kim bularga javob beradi? Men bekorga hozir DXX rahbarlarini ham chaqirmaganman. Bu davlat xavfsizligiga tahdid qilyapti yoki noto‘g‘rimi? Ertaga eksportni davlatga kim tiklab beradi? Tadbirkorga daromadini kim tiklab beradi, kim kreditini qaytarib beradi?” – degan Umrzoqov.
Yig‘ilishida aytilishicha, 4 ta viloyat – asosan Buxoroda, shuningdek Navoiy, Samarqand va Toshkent viloyatlarida issiqxonalar gazdan uzilgan.
Sardor Umrzoqov Prezident administratsiyasining nazorat inspeksiyasi boshlig‘i Saidlaziz Saidkarimov, Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Bahodir Turabov va bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshevga topshiriq bergan:
“Sizlarga topshiriq – mana shu 4 ta viloyatning “Hududgaz” boshqarmasi boshliqlari qilgan ishlarni o‘rganasizlar. Nimaga asosan qildi, faoliyatini tekshirib berasizlar.
Agar bitta kichkina jinoyat alomati bo‘lsa, so‘ramasdan jinoiy javobgarlikka tortasizlar. Qonun doirasida. Menga yozib beribsizlar, ogohlantirish, hayfsan… “Prosta tak” birortasi qutulmasligi kerak. Agar ko‘rsatmani rahbariga [qarshi] bersa, rahbarini ham [javobgarlikka] tortasizlar. Raismi, muovinmi, kim bo‘lishidan qat’i nazar”, – degan administratsiya rahbari.
Sardor Umrzoqovning so‘zlariga ko‘ra, gazdan uzilgan issiqxonalar orqali 10 mingga yaqin aholi doimiy daromad va ish o‘rni bilan ta’minlangan bo‘lgan.













