O‘zbekiston | 15:39 / 30.10.2022
14775
2 daqiqa o‘qiladi

O‘RVI: O‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan noto‘g‘ri muolajalar qanday asoratlar keltirib chiqaradi? 

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, kichik yoshdagi o‘g‘il-qizlarning yiliga 3-4 marta o‘tkir respirator virusli kasalliklar bilan og‘rishi normal holat. Ayniqsa, kuz-qish mavsumida bunday infeksiyalar keng tarqaladi. Ammo bolalarning necha bor kasallikka chalinishidan ko‘ra, ularning tuzalish muddati qisqaligi ko‘proq muhim. Ayniqsa, xastalikdan so‘ng asoratlar qolmasligi asosiy natija. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi Dinara Do‘stmuhammedovaning ta’kidlashicha, bemor bolalar muolajasi davomli parvarishni talab qiladi.

«O‘RVIga chalingan bemor farzandlarni uy sharoitida davolashda shifokor tavsiyasisiz, o‘zboshimchalik bilan amalga oshiriladigan noto‘g‘ri muolajalar asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
 
Masalan, tana harorati yuqori bolaning tomog‘ini yod yoki zelyonka bilan artish ko‘pchilik yo‘l qo‘yadigan katta xatolardan biri. Chunki shamollagan bolaning nafas yo‘li shilliq qavati juda nozik, qolaversa, virusdan yallig‘langan va shishgan bo‘ladi.

Agar yuqorida aytilgan surtmalar bilan ishlov berilsa, shilliq qavat jarohatlanib, shish kattalashib, loringit yuzaga kelishi va boshqa asoratlar kuzatilishi mumkin. 

Tana harorati ko‘tarilganda paratsetamol berish tavsiya etiladi. Ammo ba’zi ota-onalar tibbiyotdan yaxshi xabardor bo‘lmagan qo‘shnisini chaqirib, analgin, dimedrol, novokain qo‘shib mazkur aralashmani isitma tushirishda qo‘llashadi. 

Bu mutlaqo mumkin emas. Birinchidan, analgin qonni suyultirib yuboradi. Dimedrol esa bolada yo‘tal paydo bo‘lgan, bronxlari torayib qolgan paytda asoratlarni yanada kuchaytiradi. 

Bundan tashqari, allergik yo‘tal, astma, yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi kuzatilayotgan bolalar bor xonalarda isiriq tutatish yanglish xatti-harakatdir. Chunki tutun bola organlari spazmini ko‘paytirib, yo‘talni yanada kuchaytirishi mumkin. 

O‘z navbatida, tumov belgilari kuzatila boshlasa, o‘zboshimchalik bilan bolalarga antibiotiklar berish ham katta xato. Negaki, bunday preparatlar virusli xastaliklarda yordam bermaydi. Aksincha, aks ta’sir ko‘rsatadi», deydi mutaxassis.

Agar bolada pnevmoniyaning ilk belgilari kuzatilsa, shifoxonada davolanish tavsiya etiladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid