Ixchamlik – 2022 yilgi jahon chempionatining eng asosiy xususiyati deb aytishadi tashkilotchilar. Darhaqiqat, katta turnir deyarli bir shaharda - mamlakat poytaxti Dohada o‘tkaziladi. Bir-biridan eng uzoqda bo‘lgan 2 ta stadion orasidagi masofa 75 km ni tashkil qiladi.

Agar Doha markazidan yo‘lga chiqilsa, eng uzoqdagi stadiongacha bo‘lgan masofa atigi 46 km. Jahon chempionatining ochilish o‘yini «Al-Bayt» stadionida o‘tkaziladi. Keling, shundan boshlaymiz.

«Al-Bayt» stadioni

Ochilgan yil: 2021

Sig‘imi: 60 000 tomoshabin

JCh-2022 o‘yinlari:

Guruh bosqichi:

Qatar — Ekvador (20 noyabr, 21.00),

Marokash — Senegal (23 noyabr, 15.00),

Angliya — AQSh (25 noyabr, 23.59),

Ispaniya — Germaniya (27 noyabr, 23.59),

Niderlandiya — Qatar (29 noyabr, 20.00),

Kosta-Rika — Germaniya (1 dekabr, 23.59);

1/8 final (4 dekabr, 23.59);

1/4 final (10 dekabr, 23.59);

yarimfinal (14 dekabr, 23.59).

«Al-Bayt» 2022 yilgi jahon chempionatining ikkinchi eng muhim stadionidir. Unda turnirning ochilish o‘yini hamda yarimfinallardan biri o‘tkaziladi. «Al-Bayt» Doha markazidan 46 km masofadagi «Al-Xur» shaharchasida joylashgan va bu Qatar poytaxtidan eng uzoqdagi arena.

Stadion tashqaridan katta chodirga o‘xshaydi. Uning dizayni Fors ko‘rfazi mintaqasidagi boy va zodagonlar tomonidan o‘tmishda foydalanilgan an’anaviy katta chodirlar - «bayt ash-sha’ar»dan ilhomlangan. «Al-Bayt»ning tomi yopiladi.

Jahon chempionati yakunlangach, «Al-Bayt» sig‘imi 32 ming tomoshabinga tushadi – bu yerda mahalliy «Al-Xur» jamoasi o‘yinlarini o‘tkazishi rejalashtirilmoqda. Arena atrofidagi binolar qulay besh yulduzli mehmonxonaga aylantiriladi. Arenada savdo markazi, fud-kort va sport zali tashkil etiladi. Stadion atrofida dam olish maskanlari, yugurish va velosport yo‘laklari, shuningdek, ot minish joylaridan iborat katta istirohat bog‘i quriladi.