AQSh ma’muriyatidagi bir necha manbaning gazetaga xabar berishicha, yuqori martabali rossiyalik harbiylar Moskva Ukrainada qachon va qanday qilib taktik (nisbatan kichik quvvatli) yadro quroli qo‘llashi mumkinligi haqida gaplashishgan. Nashrga ko‘ra, bu haqda AQSh hukumatiga oktyabr oyi o‘rtalarida ma’lum bo‘lgan, muhokamalar ham undan sal oldinroq bo‘lib o‘tgan.

Vladimir Putin bu muhokamalarda ishtirok etmagan.

Nashrning qayd etishicha, bunday muhokama o‘tkazilgani faktining o‘zi rossiyalik generallarning quruqlikdagi amaliyot natijalaridan naqadar hafsalasi pir bo‘lganini ko‘rsatadi va Vladimir Putinning yadro quroli qo‘llash to‘g‘risidagi tahdidlari quruq so‘z bo‘lmasligi mumkin.

Shu bilan birga amerikalik yuqori martabali mulozimlar NYT bilan suhbatda Rossiyada yadro qurollari o‘z joyidan olib chiqilgani yoki zarba berish uchun boshqa qadamlar tashlanayotganiga dalillar ko‘rinmayotganini ta’kidlashgan.

Pentagon baholariga ko‘ra, Rossiya arsenalida 2000 tagacha taktik yadro qurollari mavjud. Bunday qurollar hech qachon jang maydonida qo‘llanmagan.

Yadro zarbasi haqidagi xavotirlar

Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshida barcha Rossiya tomonidan taktik yoki kichik yadroviy qurollar qo‘llanishi mumkinligi haqida gapirgandi. Davlat dumasi deputatlari va Checheniston rahbari Ramzan Qodirov shunday qadam tashlashga chaqirgan, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns ham bunday xavfning jiddiy ehtimoli borligini aytishgandi.

Rossiya avvaliga Xarkiv oblastida, keyin Xerson shimolida jiddiy muvaffaqiyatsizliklarga uchragach, yadro quroli qo‘llanishi mumkinligi haqidagi gaplar ko‘paydi.

Vladimir Putin yadro qurolidan foydalanishi mumkinligi to‘g‘risida bir necha bor yadroviy tahdidlar qildi. «Agar hududiy yaxlitligi tahdid ostida qolsa, Rossiya barcha imkoniyatlarni ishga soladi, bu shunchaki blef emas», degandi Putin 21 sentabr kungi telemurojaatida - o‘shanda Rossiyada safarbarlik e’lon qilingandi.

Hududiy yaxlitlikka tahdid sifatida Ukrainaning Rossiya tomonidan annexia qilingan Xerson oblasti (va yana uch hudud)da qarshi hujumga o‘tishini ham nazarda tutish mumkin.

Oktyabr oyi oxirida Rossiya o‘z strategik yadro kuchlariga yirik yadro zarbasi berilishini sinab ko‘rish maqsadida, harbiy-o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yadro qurolidan foydalanish xavfi ortishi va Moskvaning Ukrainani «iflos bomba» yaratishda ayblashi fonida o‘tkazildi.