Anneksiya qilingan Qrimdan Davlat dumasi deputatligiga saylangan Mixail Sheremet harbiy xizmatchilarni sifatli tayyorlash uchun Rossiya armiyasidagi majburiy xizmat muddatini bir yildan ikki yilgacha oshirish kerakligini aytdi.

«Hozirgi format askarni sifatli tayyorlashni nazarda tutmaydi. Yil davomida o‘rgatish va tayyorlash juda qiyin va muammoli. Ammo ikki yil optimal variant», dedi deputat.

Sheremetning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada davom etayotgan urush va kuzgi chaqiruv boshlanishi fonida qilingan bu taklif «o‘z vaqtida aytilgan va zarur chora» bo‘lib, «armiyaning jangovar tayyorgarligini oshirish uchun imkon qadar tezroq amalga oshirish kerak».

Sheremet harbiy xizmat muddatini oshirish tashabbusini birinchi bo‘lib ko‘tarayotgani yo‘q. Oktyabr oyi o‘rtalarida xuddi shunday taklifni Yevrey avtonom hududi senatori Vladimir Jabarov bergan edi. Uning fikriga ko‘ra, harbiy xizmatchilarga murakkab harbiy texnika bilan ishlashni tezda o‘rgatib bo‘lmaydi va xizmat muddati ikki yilga oshirilsa, Rossiya armiyasi ikki baravar ko‘payadi.

«Ehtimol [xizmat muddatini oshirish] mantiqan to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Ehtimol, armiyada askarlar soni yetarli bo‘lsa, qisman safarbarlikka ehtiyoj qolmasdi. Lekin bu prezidentning vazifasi», dedi Jabarov.

Kremlda o‘sha paytda ham, hozir ham Rossiya prezidenti ma’muriyati armiyadagi xizmat muddatini ikki yilga oshirish masalasini muhokama qilinmayotgani aytildi. Sheremetning taklifini izohlar ekan, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov «hamma narsa mudofaa vazirligining bu boradagi pozitsiyasiga bog‘liqligi»ni aytdi. Vazirlik bu mavzuga hali izoh bermadi.

Federatsiya Kengashida bu tashabbus haqidagi fikrlar ikkiga bo‘lindi. Parlament yuqori palatasi mudofaa qo‘mitasi rahbari Viktor Bondaryov Rossiya armiyasining ikki yillik xizmat muddatiga qaytishini qo‘llab-quvvatladi. U o‘z pozitsiyasini harbiylar yaxshi tayyorgarlikdan o‘tishi va yangi qurollardan foydalanishni yaxshiroq o‘rganishi kerakligi bilan izohladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Federatsiya Kengashi tegishli idoralar, jumladan, mudofaa vazirligi bilan maslahatlashadi. Senatorning fikricha, bu g‘oya oxir-oqibat qo‘llab-quvvatlanadi.

O‘z navbatida, Konstitutsiyaviy qonunchilik qo‘mitasi rahbari Andrey Klishas xizmat muddati oshirilishi Rossiya armiyasining jangovar samaradorligiga ijobiy ta’sir qilishiga shubha bildirdi. «Zamonaviy qurollar professional harbiylar va kontraktchi askarlar soni oshib borishini talab qiladi», dedi u.