Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada urushdan bosh tortganlarga dezertirlik uchun sud bilan tahdid qilinmoqda
3 noyabr kuni Rossiya ommaviy axborot vositalarida Ukrainada jang qilishdan bosh tortgan safarbar qilinganlar haqida bir nechta xabarlar chop etildi - barcha holatlarda ular dezertirlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi bilan tahdid qilingan.

Foto: Vitaliy Timkiv / RIA Novosti
Gulagu.net loyihasi misol tariqasida Boguchari shahridagi 91711-sonli harbiy qismning 252-motoo‘qchilar polkiga safarbar qilingan fuqarolarning videomurojaatini keltirdi — ulardan 39 nafari bosib olingan hududlardagi jangovar harakatlarda qatnashishdan bosh tortgan.
Ular Rossiya chegarasigacha piyoda borganliklarini va u yerda harbiylardan ularni qismga qaytarishlarini so‘rashganini aytishdi.
Biroq buning o‘rniga urushdan bosh tortganlar avtobusga mindirilib, Luhansk viloyatining bosib olingan hududiga qaytarilgan.
Shu bilan birga, ASTRA nashri Tomsk viloyatidan safarbar qilinganlar haqida ma’lumot berdi. Ular, qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, ikki haftadan ko‘proq vaqt oldin frontni tark etgan va keyin Luhansk viloyati o‘rmonlarida yashiringan.
Ular oxirgi marta 17 oktyabr kuni aloqaga chiqishgan. Urushdan bosh tortganlar Tomsk viloyatidan Davlat dumasi deputati Tatyana Solomatinadan yordam so‘rashgan, ammo u go‘yoki «ofitserlar dezertirlar bilan ishlashdan bosh tortishini» aytgan.
Bundan oldin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lishga qaror qilgan rossiyalik askarlarga Ukraina harbiylari madaniyat bilan va xalqaro konvensiyalarga rioya qilgan holda munosabatda bo‘lishini va’da qilgandi.
«Hozir barchangiz uchun muhim palla: hayotingizni hal qilish vaqti keldi. Begona yerda harbiy jinoyatchi sifatida halok bo‘lgandan ko‘ra, yaxshisi chaqiruv qog‘ozini olmang. Mayib-majruh bo‘lib, keyin tajovuzkorlik urushi qatnashchisi sifatida sudda javob bergandan ko‘ra, jinoiy safarbarlikdan qoching. Bizning qurollarimiz zarbasidan halok bo‘lgandan ko‘ra, yaxshisi ukrainlarga asir tushing», degan Ukraina prezidenti.
Zelenskiy Rossiya hukumati asirga tushish tafsilotlaridan xabar topmasligiga - ya’ni Rossiya rasmiylari kimdir ixtiyoriy taslim bo‘lganini bila olmasligiga hamda birorta rossiyalik o‘z ixtiyoriga qarshi Moskvaga qaytarilmasligiga va’da qilgan.
Mavzuga oid

22:51
Rossiya Ukrainaning 6 ming kv km hududini berishni talab qilmoqda – Vens

21:44
Yetib keldik! – Tramp Rossiya dronlari Polsha havo hududini buzgani haqida

20:58
Yangi Toshkent hududida «Peterburg mavzesi» barpo etiladi

18:52