Xo‘sh, Samarqand sammiti kun tartibidan qanday masalalar muhokamasi o‘rin olgan? Bugun bu tashkilotning xalqaro maydondagi o‘rni qanday va uning o‘zi singari boshqa birliklardan sustroq faoliyatiga nimalar sabab bo‘lyapti?

Kun.uz muxbiri shu va boshqa savollar bilan Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Mirvohid Azimov, iqtisodchi Abdulla Abduqodirov va siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovni suhbatga taklif qildi.

– Dastlab bu tashkilot va bir yil avval Turkiyaning “Demokratiya va Ozodlik” orolida o‘tilgan yangi bosqich bilan uning mazmunida nimalar o‘zgargani haqida fikrlaringizni bilmoqchiman.

Tashkilot bugun va istiqbolda o‘z a’zolariga nimalar beradi? Uning yakuniy maqsadi aniq belgilab olinganmi? Shuningdek, unda integratsiyani chuqurlashtirish borasidagi asoslar qanchalik mustahkam qo‘yilgan?

Mirvohid Azimov:

– Darhaqiqat, 11 noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti nomini o‘zgartirgandan keyingi ilk sammiti bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Uning ahamiyati shundaki, bu sammit birinchi bor O‘zbekiston hududida o‘tkazilmoqda. Tashkilot haqida gapiradigan bo‘lsak, u umumiy til, an’anaviy o‘zaro birlik va hamjihatlik asosida qurilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning samarali birligiga aylandi. Tashkilotning rivojlanish bosqichlarini uchga bo‘lish mumkin. O‘zbekiston mustaqillikka erishgan vaqtlarda, ya’ni 1992 yil Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining ilk sammiti bo‘lib o‘tadi. 2009 yilgacha bu davlat rahbarlari sammiti sifatida faoliyat yuritadi. 2009 yil tashkilot rivojlanishining ikkinchi bosqichi deb ataladi va bu davrda Naxichevan bitimi imzolanadi. Unga asosan turkiy tilli davlatlar kengashi xalqaro tashkilot sifatida tashkil qilinadi va uning nizomi tasdiqlanadi.

O‘zbekiston 2019 yilda ushbu kengashga to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shiladi. O‘tgan yilgi Istanbul sammitida bu tashkilot nomini Turkiy davlatlar tashkiloti deya o‘zgartiradi. Buning o‘ziga xos ramziy ma’nolari mavjud. Istanbul sammitida nafaqat tashkilot nomi o‘zgardi, balki mazmun jihatdan ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Turkiy dunyo nigohi deb nomlangan 2040 yilga mo‘ljallangan strategik hujjat qabul qilindi. Bu hujjatda oldimizga qo‘yilgan maqsadlar to‘rt sohaga mo‘ljallab, aniq-ravshan qilib qo‘yildi. Bular siyosiy, savdo-iqtisodiy, xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash va xalqaro hamjamiyat bilan turkiy davlatlarning aloqalaridir. Bu tashkilotning asosiy vazifasi turkiy davlatlar o‘rtasida turli sohada aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro ishonch muhitini shakllantirish va xalqaro munosabatlarda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.