Yuqori martabali mehmonni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov kutib oldi.
Dastlab UNWTO bosh kotibi Zurab Pololikashvili «II O‘zbekiston iqtisodiy forumi»da ishtirok etish uchun Samarqand turistik markazida joylashgan kongress-hollga ham keldi. Qayd etish joizki, 2023 yilda O‘zbekiston Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-yubiley sessiyasiga mezbonlik qiladi va ushbu tadbir aynan Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

Zurab Pololikashvili Samarqand turistik markazidagi «Boqiy shahar»ni ko‘zdan kechirdi. Pololikashvili ushbu maskanning turistik imkoniyatlarini alohida e’tirof etdi.

U «Konigil» turizm qishlog‘iga keldi va bu yerning sayyohlik salohiyati bilan tanishdi. Qolaversa, u bu yerda hunarmandchilik buyumlarini ko‘zdan kechirdi va ularni yuqori baholadi. Shuningdek, mahorat darslari ham tashkil etildi. A.Abduhakimov mehmonni «Konigil» turistik qishlog‘ining kundalik hayoti va bu yerda yashaydigan insonlarning turmush tarzi bilan tanishtirdi va ular haqida ma’lumot berdi.



Zurab Pololikashvili «Ipak yo‘li» xalqaro turizm va madaniy meros universitetiga tashrif buyurdi hamda universitet hayoti va ta’lim jarayoni bilan tanishdi. Pololikashvili talabalar uchun mehmon ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.























