Ma’lum bo‘lishicha, Ko‘tarma mahallasi 1-, 3- va 9-uylar orasidagi 15 sotix yer maydoni Toshkent shahar hokimining 2020 yil 9 dekabrdagi 1147-sonli qarori asosida fuqaro Mirhamid Mirxodjayevga kompensatsiya tariqasida doimiy foydalanish huquqi asosida ko‘p qavatli turar joy qurish uchun ajratilgan.

1-, 3- va 9-uylarda yashovchi fuqarolar ushbu hududda bolalar va sport maydonchasi, qariyalar dam olishi uchun shiypon, avtoturargoh qurish sharti bilan qurilish olib borilishiga rozilik bildirishgan. Shu bilan birga, bu haqda mahalla fuqarolar yig‘inining bayonnomasi ham rasmiylashtirilgan.
Mahalliy aholi vakillari “Max Building Project” MChJ bu yerda bino qurmoqchi ekanidan umuman xabari yo‘qligi, rozilik imzosi haqiqiy emasligini aytishmoqda.

“To‘rtta “dom” oldida bitta ham bolalar maydonchasi yo‘q. Natijada bolalarimiz qayerga chiqib o‘ynashni bilmaydi. Mahalladan hamma joyda bolalar maydonchasi bor, nega bizda hali ham bunday maydoncha qurilmagani haqida so‘raganimizda mas’ullar tez orada bo‘ladi deb javob berishgandi.
Oradan qanchadir vaqt o‘tgach, shahar hokimining qarorini ko‘rsatishdi. Sobiq mahalla raisi bolalar maydonchasi, shiypon qurilishi uchun aholidan imzo yig‘ishni boshladi. Ammo atrofdagi domlarda yashovchilardan hech kimning bu yerda ko‘p qavatli imorat qurilishidan xabari bo‘lmagan.
Imzolar esa qalbakilashtirilgan. Bugun tadbirkorning qo‘lida turgan bayonnomada ko‘plab mahalladoshlarimiz ism-familiyasi yozilgan joyda boshqa imzo turgani ko‘rib bu ularning imzosi emasligini aytishdi. Bir necha kun oldin quruvchilar dabdurustdan kelib ekskavatorlarini ishlatib ketishmoqda. Agar “uchastkavoy”lar kelib, ularni to‘xtatishmaganda “kotlovan”lar qo‘yib qurishni boshlab yuborishardi”, deydi 39 uyda yashovchi Dildora Hamroyeva.

“Shu yil fevral oyida “Yashil makon” dasturi doirasida daraxt ko‘chatlarini ekdik. Tadbirkorning joyi bo‘lganda nega daraxt ekmanglar, bu maydonda bino quriladi, keyin menga ta’na qilmanglar deb ogohlantirmadi? Bir yuz ellikta manzarali ko‘chat ekkanmiz.












