Ispaniya: Mansano — yulduzlar uchun dahshatli tush

Osasuna — Barselona 1:2
Gollar: D.Garsiya (6) — Pedri (48), Rafinya (85).
Osasuna – Fernandes, Vidal, Unai Garsiya, David Garsiya, Xuan Krus, Ruben Garsiya (Penya, 75), Moyses Gomes (Barxa, 83), Torro (Kike Garsiya, 59), Monkayola, Oros (Brashanats, 74), Chimi Avila (Budimir, 83).
Barselona – ter Stegen, Balde, Alonso, Kristensen (Gavi, 74), Alba, Buskets, de Yong, Pedri (Riad, 89), Levandovski, Dembele (Rafinya, 78), Ferran Torres (Fati, 78).
Ogohlantirishlar: Levandovski (11), Alba (37), Xuan Krus (45), David Garsiya (46), Torro (54), Monkayola (61), Balde (66).
Chetlatishlar: Levandovski (31), Pike (45+4, maydon tashqarisida).

Bir kun oldin ligadagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilgan «Real»ning qoqilishidan keyin ko‘k-anorranglilar navbatdagi turni madridliklar kabi yomon boshladi, «Osasuna» esa «Rayo»dan o‘rnak oldi. Tur arafasida beshinchi o‘rinda turgan pamplonaliklar ilk daqiqalardanoq hujumga tashlandi va David Garsiya burchak zarbasidan keyin boshi bilan darvoza to‘rini aniq nishonga oldi. Bu vaziyatda yana Buskets aybdor bo‘ldi, Pike ortidan u ham klubni tark etishiga jamoa muxlislari qarshi bo‘lmaydi. 

Pikening rahbariyat va bosh murabbiy bilan munosabatlari buzilishi «Barselona»dagi muhitga ta’sir qilmay qolmagan, maydonda ham muammolar davom etmoqda va Levandovski keraksiz vaziyatda ikkinchi sariq kartochkani olib maydonni tark etdi - bundan oldinroq qulay imkoniyatni ko‘kka sovurgandi. Polshalik hujumchi chetlatilgan vaziyatda juda o‘ng‘aysiz harakatlandi, to‘p trayektoriyasini hisobga olmagan holda oldinga yurib, qo‘li bilan raqib yuziga zarba berdi, buning uchun sariq kartochka berilishi — mantiqiy edi. U nimadan norozi bo‘lgani tushunarsiz va uning reaksiyasi — qo‘pollik qilgandagi harakati kabi ahmoqlik bo‘ldi.

Levandovski oxirgi bor maydondan chetlatilishi ham o‘yinning 31-daqiqasiga to‘g‘ri kelgandi — to‘qqiz yil oldingi bu voqea u Dortmundning «Borussiya» klubi sharafini himoya qilayotganida ro‘y bergandi. Uni maydondan chetlatgan Xesus Xil Mansano esa — yulduzlar kushandasi. U bungacha Luis Suares, Neymar, Beyl, Kazemiro va Messi kabi futbolchilarni maydondan haydagan.

Kuchlar noteng holatda «Barsa» tarkibidagi eng faol futbolchi Ferran Torres bo‘ldi. Uning bo‘lim oxiridagi goli kichik ofsayd tufayli hisobga olinmadi, ikkinchi bo‘lim boshida esa Jordi Albaning qanotdan bergan uzatmasidan keyin to‘p uchun ikki himoyachi bilan kurash olib borgan forvard Pedri hisobni tenglashtiruvchi golni urishiga imkoniyat yaratdi. O‘yin oxirida esa umidlarni hozircha oqlamayotgan Rafinya nihoyat o‘zini ko‘rsatdi - u yaqinda Xavidan o‘zini faqat o‘ng qanotda o‘ynatishni so‘raganini tan olgandi.