Voronejlik safarbar etilganlar

Shanba kuni mustaqil «Verstka» nashri Voronej oblastidan safarbar qilinganlar orasidagi katta yo‘qotishlar haqida xabar berdi. Nashr xabariga ko‘ra, Luhansk oblastining Svatovo rayonidagi Makiyivka qishlog‘ida tutashuv chizig‘i o‘qqa tutilishi oqibatida yuzlab kishilar halok bo‘lgan. Nashr o‘z ma’lumoti manbasi bu hujumdan omon qolgan harbiylardan biri Aleksey Agafonov ekanini yozdi. Nashr harbiy harakatlar sharoitida yo‘qotishlar bo‘yicha haqiqiy raqamlarni keltira olmasligini qayd etgan.

«Bizni yangi pozitsiyani egallashga jo‘natishdi, u yerda okop qazib o‘rnashishimizni aytishdi, batalonda esa atigi uchta belkurak bor edi, hech qanday ta’minot yo‘q edi. Biz qo‘ldan kelgancha okop qazidik, tongga yaqin esa otishma boshlandi. Artilleriya, «Grad»lar, minomyotlar, kopterlar - bizni shunchaki o‘qqa tutishdi», deya suhbatdoshlardan birining so‘zlarini keltiradi «Verstka».

Nashr o‘qlar yomg‘iri ostida qolgan safarbar etilganlarning qarindoshlari bilan ham bog‘langan. BBC esa ijtimoiy tarmoqdagi postlardan biriga e’tibor qaratgan, uning muallifi bo‘lgan ayol noyabr oyi boshida «shiddatli janglar» kechgan Makiyivkaga «desant tashlanishi» haqida yozadi. Uning aytishicha, eri tirik qolgan va snaryad parchasidan olingan jarohat bilan hospitalga yotgan.

Nashr shuningdek bir guruh ayollarning oktyabr oyida safarbar etilganlarga yordam berishni so‘rab Voronej oblasti gubernatori hamda «yuqori turuvchi instansiyalar»ga videomurojaatini ham e’lon qilgan. Videoda o‘zini Inna Popova deb tanishtirgan ayol bu hududdan safarbar etilganlar «Luhansk tomonga» yuborilgani va birinchi kuniyoq «oldingi chiziqqa qo‘yilgani», komandirlar esa «jang maydonini tark etib, qochib ketgani»ni aytadi.

«Jang uch kun davom etgan», deydi erining gaplarini keltirgan ayol. «Ularga okop qazish kerakligini aytishgan, belkurak esa har 30 kishiga bitta bo‘lgan», deya unga qo‘shiladi ayollardan biri. Ularning versiyasiga ko‘ra, jangdan keyin safarbar qilinganlar «komendaturaga yetib kelishadi» va «jang bo‘lib o‘tgani, taslim bo‘lishmagani»ni aytishadi. «Ular o‘zlarini oldingi chiziqdan olishni iltimos qilishgan. Ularga biroz ortga qaytishga ruxsat berilgan. [Ammo] amalda ularni oldingi chiziqdan olishmagan! Shundan keyin ular aloqaga chiqa boshlashdi», deydi Popova.

«Verstka» ma’lumotiga ko‘ra, jami 31 kishi aloqaga chiqqan. Bu hududdagi janglarda qisqa vaqt ichida yuzlab safarbar etilganlar halok bo‘lgani to‘g‘risidagi ma’lumotga omon qolganlar va ularning qarindoshlaridan boshqa tasdiqlovchi manba yo‘q. Harbiy blogerlar safarbar qilinganlar yo‘qotishlarni noto‘g‘ri baholayotgan bo‘lishi mumkinligini aytishgan.