Hali saylovning yakuniy natijalari e’lon qilingani yo‘q, Vakillar palatasida respublikachilar ko‘proq ovoz olishi kutilayotgan bo‘lsa-da, Baydenning so‘zlariga ko‘ra partiyasi «katta qizil to‘lqin»dan qochishning uddasidan chiqqan. Vaholanki tahlilchilar saylovlarda respublikachilar katta ustunlik bilan g‘alaba qozonishini taxmin qilayotgandi.
Demokratlar asosiysi senatda ustunlikni saqlab qolish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Hozircha ovozlar 48 ga 48 ko‘rinishida taqsimlangan. Oraliq saylovlarda AQSh hukmron partiyasi (hozirda demokratlar) odatda nazoratni raqobatchi partiyaga boy berishadi. Bu esa Kongressdagi ustunlikni yo‘qotish tufayli aksar tashabbuslarni amalga oshirishni qiyinlashtirib yuboradi.
AQShda inflatsiya oxirgi 40 yillikda eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan, Jo Baydenning reytingi keskin pastlagan bir vaqtda respublikachilar har ikki palatada katta ustunlik bilan g‘alaba qozonishga umid qilishi mumkin edi. Ammo bunday bo‘lib chiqmadi va bu ko‘plab tahlilchilarning hayratini keltirib chiqardi.
Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, AQSh Oliy sudi ayollarning abort qilish huquqini har bir shtatning o‘zi hal qilishi kerakligi to‘g‘risida qaror chiqargani saylov natijalariga ta’sir qilgan.
Jo Bayden saylov natijalaridan keyin yengil tin olganini tan oldi. Chunki natijalar tahlilchilarning prognozlari emas, prezidentning optimistik qarashlari o‘zini oqlaganini ko‘rsatdi. Natijalar Baydenni shunchalik xursand qilib yubordiki, kelasi yil 80 yoshga to‘ladigan siyosatchi 2024 yilgi saylovlarda ham ishtirok etishini ma’lum qildi: «Biz yana saylovda qatnashamiz, rejalashtirganimiz kabi».
Saylov natijalarini hisoblash davom etmoqda. Respublikachilar Vakillar palatasida ustunlikka erishishga imkon beradigan darajada ko‘p o‘rinlarni qo‘lga kiritishga yaqin. Juma kungi holatga ko‘ra kerakli 218 ovozni to‘plash uchun atigi 7 ta ovoz yetmayapti – respublikachilarda 211, demokratlarda 197 ovoz kafolatlangan.
Kongressdagi ikki palataning har qaysisida ustunlikka erishish Bayden ma’muriyati tomonidan taklif qilinayotgan qonun va takliflarni bloklash imkonini beradi. Qo‘shimchasiga Bayden ma’muriyati ustidan istalgan vaqtda parlament surishtiruvi boshlanishi mumkin. Bayden esa siyosiy raqiblari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini aytdi. Keyingi haftada ikki fraksiya vakillari bilan uchrashishi kerak.
Shuningdek, Bayden respublikachilar tomonidan o‘tkaziladigan surishtiruvlarni jiddiy qabul qilmaydi, o‘z ta’biri bilan aytganda «komediya kabi qabul qiladi».
















