O‘zbekiston | 09:02 / 14.11.2022
2967
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Hindiston sholi yetishtirish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazadi

O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi vakillari shu kunlarda bo‘lib o‘tayotgan Hindiston xalqaro agro yarmarkasi (India International Agro Trade Fair - AgroWorld 2022) bilan yaqindan tanishdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.

Foto: Dreamstime

Hindiston oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi palatasi bilan hamkorlik o‘zaro manfaatli yo‘nalishlaridan biri sifatida sholi yetishtirish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, ikki davlat fermerlari o‘rtasida tajriba almashish masalasini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Shu bilan birga, mamlakat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ho‘l va quritilgan mevalar hamda dukkakli ekinlar uchun Hindiston bozoridan salohiyatli xaridorlar topish, yangi eksport shartnomalarini ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi.

Joriy yil 28 iyulda Dehlida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Hindiston hukumatlararo komissiyasi 13-yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida hind tomoni bilan 2022 yil sentabr oyidan mamlakatda yetishtirilgan uzum, gilos va olxo‘ri mahsulotlariga Hindiston bozoriga olib kirish uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini olishga erishilgan edi. 

Navbatdagi bosqichda qator boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari: achchiq qalampir, anor, xurmo, olma, bodom va pomidorga tegishli ruxsatnomalar olinishi kutilmoqda.

Mavzuga oid