«Manchester Yunayted» hujumchisi Krishtianu Ronaldu so‘nggi yil davomida boshiga tushgan fojia, klub inqirozining sabablari, ba’zi shov-shuvli voqealar haqida intervyu berdi.

Buyuk Britaniyaning The Sun nashri jurnalisti Pirs Morgan «Manchester Yunayted» hujumchisi Krishtianu Ronaldu bilan suhbatlashib, so‘nggi yilda uning hayotida yuz bergan voqealar haqida fikrini bilib oldi.

«So‘nggi bir necha oylarda unga malomat toshlari otilmoqda, masxara qilinmoqda va cheksiz ayblovlar qo‘yilmoqda. Endi uning sabr kosasi to‘ldi. Krishtianu Ronaldu hammasidan to‘ydi», deb yozdi Morgan.

Birinchi navbatda, malomat, masxara va ayblovlar ommaviy axborot vositalari, klub rahbariyati, jamoadagi sheriklari va hatto sobiq jamoadoshlari tomonidan qilinmoqda.

Eng muhimi, u 32 ta sovrinni qo‘lga kiritgan, jumladan, beshta «Oltin to‘p», Chempionlar Ligasidagi 5 ta g‘alaba, to‘rtta mamlakatda qo‘lga kiritilgan 7 ta chempionlik unvoni va Portugaliya bilan Yevropa chempionati g‘olibi bo‘lsa-da, elementar hurmat yo‘qligidan to‘yib ketgan.

37 yoshli Ronaldu futbol tarixidagi eng yaxshi to‘purarlardan biri, shuningdek u yulduzlikning zamonaviy metrikasi bo‘lgan «Instagram»da eng ko‘p obunachilarga ega, eng mashhur odamlardan biri. Uning obunachilari soni yarim milliardga yaqinlashmoqda. Ammo hozir u g‘azab va hurmatsizlikni his qilmoqda va endi jim turmoqchi emas.

U Qatarga beshinchi va katta ehtimol bilan so‘nggi jahon chempionatiga yo‘l olishdan burun O‘Z fikrini aytishni xohlaydi. Ronaldu o‘zining professional va shaxsiy jihatdan «hayotidagi eng og‘ir damlar» deb atagan davrga oydinlik kiritishni istaydi.

«Manchester Yunayted» menga xiyonat qildi, Ten Hagni hurmat qilmayman, chunki u ham meni hurmat qilmaydi

Ronaldu «Manchester Yunayted»da o‘ziga nisbatan qilinayotgan munosabatni «xiyonat»dek his etmoqda. Klubning ishi yurishmayotgan pallada o‘zini aybdor qilishayotganidan, «oq qarg‘a»dek tasvirlashayotganidan achchiqlanadi va hozir uni faol ravishda klubdan siqib chiqarishmoqchi deb hisoblaydi.