Zelenskiyning bayonotlari so‘nggi vaqtlarda kuzatilayotgan Qora dengizdan turib Ukraina shaharlariga raketa zarbalari soni kamayganiga nisbatan reaksiya edi. Bunga RF Qora dengiz flotining Sevastopoldagi harbiy-dengiz bazasiga 29 oktyabr kuni pilotsiz boshqariluvchi qurilmalar bilan zarba berilgani sabab bo‘ldi, deb yozadi BBC.

Garchi Kreml «minimal yo‘qotishlar»ga duchor bo‘lganini ta’kidlagan esa-da, zarbalar Rossiya Qora dengiz floti flagmani «Admiral Makarov» fregati va yana bir nechta kemalarga berilgan.

Ko‘plab ukrainalik va xorijiy ekspertlar Rossiyaning Qora dengiz floti yo‘q qilingani, u bunday zarbadan o‘nglanmasligi haqida shoshilinch xulosalar ham berishdi.

«Rossiya HDF o‘z harbiy dengiz flotiga ega bo‘lmagan davlat tomonidan tahqirlandi», — deb yozdi Britaniyaning Navy Lookout tahliliy nashri.

«Bu flot kemalariga Ukraina tomonidan zarar yetkazilgani, u qariyb barcha harbiy dengiz kuchlaridan ayrilgani fakti Rossiyada portlarni himoya qilish, razvedka, raqib imkoniyatiga aniq baho berish kabi bazaviy imkoniyatlar yo‘qligidan dalolat beradi», — degan NavalNews nashri muxbiri, Turkiya harbiy dengiz kuchlarining iste’fodagi zobiti Tayfun O‘zberk.

Lekin boshqa ekspertlar xulosa chiqarishga shoshilmaslikka ham chaqirishmoqda.

Ularning fikricha, Qora dengiz floti burchakka qisilgan yaralangan hayvondek, baribir hamon xavfli. Agar boks termini bilan aytadigan bo‘lsak, Ukraina raqibi nokdaun holatiga tushgan, lekin bu nokaut emas.

Ukraina pochtasi RF Qora dengiz floti flagmani «Moskva» kreyseri yo‘q qilinganiga atab marka chop etdi. Foto: zn.ua

Qaqshatkich hujum xronikasi

Qora dengiz floti mag‘lubiyatlarining ketma-ketligi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining dastlabki haftalaridanoq ro‘y bera boshlagandi. Uning yagona g‘alabasi sifatida 24 fevralda Ilonli (Zmeiniy) orolning egallanishini ko‘rsatish mumkin edi, biroq iyun oyi oxirida bu hudud ham tashlab ketildi.

Eng og‘riqli zarba esa aprel oyida ro‘y bergan «Moskva» flagmanining cho‘ktirilishi bo‘lgandi. Kemaga ukrainlar ikkita «Neptun» raketalari bilan hujum uyushtirgani taxmin qilinadi.

Bundan tashqari, bahor va yozda Rossiyaning Qora dengizda joylashtirilgan «Novocherkassk», «Tsezar Kunikov», «Vasiliy Bex» va «Vsevolod Bobrov» kemalariga ham hujum qilingani aytildi.